Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Telegram kanallari orqali kiyimiga va so‘zlariga qaraganda tibbiyot xodimi bo‘lgan, ammo o‘zini tanishtirmagan ayolning qisqa videosi tarqalgan. Videoda shifokor yoki hamshiraligini payqash qiyin bo‘lgan bu ayol “bemorlarining ahvoli og‘irligi”ni aytib, o‘z yaqinlariga “rozilik so‘rash” ma’nosida yig‘lab murojaat qiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Furqat Sanayev ushbu video yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Foto: “Kun.uz”

“Shu kunlardagi vaziyatdan kelib chiqib, ko‘pchilikning xayoliga birinchi navbatda koronavirusga chalingan bemorlar kelishi tabiiy. Ammo ayolning libosi tibbiyot xodimlariniki bo‘lsa-da, maxsus kiyimlar emas, ya’ni aksariyat koronavirus yuqtirgan bemorlar saqlanayotgan virusologiya ilmiy tekshirish instituti xodimlarinikidan keskin farq qiladi. Qolaversa, bu muassasaning xodimlaridan kimdir shunday xato yo‘l tutishiga ishonish qiyin.

Shuni ma’lum qilamizki, videodagi ayol virusologiya ilmiy tekshirish instituti xodimi emas.

Hozir ayni shu masala bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda va to‘liq ma’lumot bo‘lishi bilan xabar beramiz. Ammo dastlabki xulosalar bo‘yicha aytish mumkinki, aynan bu ayol virusologiya ilmiy tekshirish institutida shifokor yoki hamshira bo‘lib ishlamaydi. Ushbu masalaga institut rahbariyati tomonidan ham aniqlik kiritildi. Ayolning o‘zi ham qaysi shifoxonaning qaysi bemorlari og‘ir ahvolda ekanligini aniq aytmagan. Bu tibbiyot xodimi qayerda ishlashi haqida surishtiruvlar olib boryapmiz.

Eng muhimi, koronavirusga chalingan bemorlar soni va ularning ahvoli haqida muntazam axborot berib kelinmoqda va ehtiroslarga berilgan holda aholi orasida sarosima chiqarishga hojat yo‘q, buning uchun qonunchilikda javobgarlik ham belgilangan.

Eslatib o‘taman, bu hozircha dastlabki xulosalar va aniq axborot, qo‘shimcha yangilik bo‘lishi bilan e’lon qilamiz”, — deyiladi SSV matbuot kotibi Telegram’dagi kanalida yozgan postda.

Avval Qashqadaryoda karantin qoidalarini buzgan ikki choyxonachi va bir “qochoq” jarimaga tortilgani va Surxondaryoda koronavirus haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan shaxsga 1 million so‘mdan ortiq jarima belgilangani haqida xabarlar berilgan.