AQSh Kongressi Senati COVID-19 koronavirus pandemiyasi sharoitida AQSh kompaniyalari, aholisi va sog‘liqni saqlash tizimini iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini bir ovozdan ma’qulladi.

Foto: iStoc

Meduza’ning yozishicha, qonun loyihasida 2,2 trillion dollar ajratish ko‘zda tutilgan — bu AQSh tarixidagi eng yirik yordam dasturidir.

Senatda ma’qullanganidan keyin qonun loyihasi Vakillar palatasida ko‘rib chiqilishi kerak. So‘ng hujjat uni darhol imzolashga tayyorligini ma’lum qilgan AQSh prezidenti Donald Trampga yuboriladi.

Qayd etilishicha, AQShda 26-mart holatiga ko‘ra, 69 mingdan ortiq odamda koronavirus aniqlangan. 25-mart kuni kechasi virusdan vafot etganlar soni ming kishidan oshib ketgan.

Dunyo bo‘ylab esa koronavirus bilan kasallanganlar soni 471,5 ming kishiga yetgan. Pandemiya boshlanganidan buyon butun dunyoda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 21 ming kishidan oshib ketdi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 65 nafarni tashkil qilmoqda.