Armanistonda koronavirusga chalingan birinchi bemor vafot etdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Sputnik

Ma’lum qilinishicha, vafot etgan bemor 72 yoshli ayol bo‘lgan. U koronavirusdan tashqari nafas yo‘llari va yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan. Aynan ana shu surunkali kasalliklar bemorning hayotini saqlab qolishga imkon bermagan.

Ayol 26-mart, payshanba kuni, vafot etgan. U bir kun avval jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgan.

Armanistonda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish uchun 16-martdan 14-aprelgacha favqulodda holat e’lon qilingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda mazkur infeksiya bilan 290 kishi kasallangan.

Dunyo bo‘ylab koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 21 ming kishidan oshdi. AQSh Senati koronavirusga qarshi 2 trillion dollarlik yordam dasturini ma’qulladi. Isroil esa butunlay yopilishi mumkin.