Hindistonda bir yilda 800 tadan 1000 tagacha badiiy filmlar suratga olinadi. Ular dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilinib, minglab muxlislar qalbidan joy egallaydi. Quyida Bollivud tarixidagi eng yaxshi filmlar beshtaligi sanab o‘tiladi. Ushbu filmlarni karantin paytida ko‘rish tavsiya etiladi.

“O‘g‘irlanmagan kelin”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Yigirma yil avval oilasi bilan Angliyaga ko‘chib ketgan Baldiv Singh hind urf-odatlarini unutmagan. U qizi Simranni Panjobda yashovchi bolalikdagi do‘stining o‘g‘liga uzatishni niyat qiladi.

Unashtiruvdan biroz avval Simran Raj ismli yigit bilan tanishib qoladi, ular o‘rtasida muhabbat paydo bo‘ladi. Endi yoshlar unashtiruvni to‘xtatib, ota-ona roziligini olsa bas.

  “O‘tkinchi dunyo”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Film voqealari 2003-yilda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadi.

Ko‘chada bahor, Neyna Kapurning esa qalbida bir umr qish hukmron. Uning hayoti otasi vafotidan keyin ostin-ustin bo‘lib ketgan. Neyna har doim qovog‘ini solib yuradi, tug‘ilgan kun yoki bayram tadbirlarida umuman ishtirok etmaydi. Uning hayoti murakkab fe’l-atvorli buvisi bilan murosa qilish, onasi, ukasi va singlisiga g‘amxo‘rlik qilishdan iborat. Neyna 23 yoshda, biroq u juda jiddiy va zerikarli.

Quvnoq va hazilkash Aman Matxur Neynani xursand qilishga, uni kuldirishga urinadi. Biroq yigitning bu harakatlari Neynani asabiylashtiradi. Aman bu borada Neynaning do‘sti Rohitdan yordam so‘raydi. Kunlardan bir kun Aman Neynani qattiq sevib qolganini anglab yetadi. Hayot yorqin ranglarda tovlana boshlaganida, kimdir shu onda hayotining so‘nggi daqiqalarini yashayotganini bilish qanchalik og‘ir... Kim uchundir ertangi kun keladi, kimdir uchun esa yo‘q.

“Dangal”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Kambag‘allik tufayli sportni tashlashga majbur bo‘lgan sportchi Maxavir Singx Pxogat haqidagi film. U kelajakda o‘g‘il ko‘rsa, uni katta sportchi qilishni niyat qiladi. Biroq Xudo unga to‘rt nafar qiz beradi. Shunda ota qizlarini sportchi qilishga kirishadi.

“Bajrangi og‘a”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Kar-soqov pokistonlik qizchaning uyiga qaytishiga yordam bergan oliyjanob inson haqidagi ajoyib film.

“Yerdagi yulduzchalar”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

8 yoshli Ishan Avasti ismli bolakay o‘z tengdoshlaridan ajralib turadi. U boshqa bolalar oson erishadigan natijalarga qiyinchilik bilan erishadi. Atrofdagilar, hatto ota-onasi ham bu bolani umuman tushunmaydi.  Kunlardan bir kun uning hayotida unga rasm chizishni o‘rgatuvchi ustoz Ram Nikum paydo bo‘ladi. Ram bolaning hayotini va unga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.