“O‘zbekiston” telekanalining “Oydin hayot” tok-shousi jonli efirda namoyish etilayotgan vaqtda O‘zbekiston hududida zilzila sodir bo‘ldi. Ijtimoy tarmoqlarda zilzila paytida jonli efirdagi ko‘rsatuv boshlovchilari o‘zlarini qanday tutgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda tok-shou boshlovchisi Gulruh Toshmatova matn o‘qiyotgan paytda studiya qattiq siltanib ketadi. Shunga qaramay boshlovchi qo‘rquvini yengib, matnni o‘qishda davom etadi. Ko‘rsatuvning studiyada o‘tirgan mehmoni tinmay “Subhanolloh” deb qaytaradi.

Gulruh Toshmatova o‘z matnini o‘qib bo‘lganidan keyin ikkinchi boshlovchi Shuhrat Rahmatjonov biroz tutilib, qisqa tanaffus e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 26-mart kuni Toshkent vaqti bilan 09:44 da O‘zbekiston—Tojikiston chegarasida zilzila sodir bo‘ldi. Toshkent shahrida uning kuchi 4 ballga teng bo‘ldi.

Bir necha yil oldin “O‘zbekiston” telekanalining “Axborot” informatsion dasturi yozib olinayotgan vaqtda yerosti silkinishlari sodir bo‘lgan, boshlovchi esa studiyani vahima bilan tark etgan video tarqalgandi.