O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish va samarali davolash choralarini kuchaytirish maqsadida kasalxonalar qurilayotgani xabar berilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tez fursatda koronavirus bilan xastalanganlarni davolash va karantin uchun shunday shifoxonalardan yana o‘nga yaqini qurilishini ma’lum qildi.

Foto: SSV matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida 3 ta zamonaviy ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari bunyod etilmoqda. Chilonzor tumanida yangi qurilayotgan 144 o‘ringa mo‘ljallangan shahar 3-sonli bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi va 158 o‘rinli shahar 4-sonli bolalar kardiorevmatologiya klinik shifoxona binolari yaqin oylarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Foto: SSV matbuot xizmati

Shuningdek, Yashnobod tumanida joylashgan Toshkent stomatologiya institutining yangi qurilayotgan binosini 250 o‘rinli zamonaviy davolash muassasasiga aylantirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Mazkur bino joriy yilning may oyida foydalanishga topshiriladi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida karantin muassasasini bunyod etish uchun 55 gektar yer ajratilib, juda qisqa muddatda qurib bitkazish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: SSV matbuot xizmati

Yana bir yirik muassasa Zangiota tumanida qurilmoqda. Shu maqsadda tumanda ajratilgan 27 gektar yer maydonida o‘n ming o‘rinli shifoxona qurilish ishlari davom etmoqda. Ushbu yangi tibbiyot mussasa ham yaqin fursatda foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan.

Foto: SSV matbuot xizmati

Shuningdek, vazirlik xabarida ta’kidlanishicha, ayni paytda Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ham koronavirus bilan kasallanganlar va ularning karantini uchun xuddi shunday muassasalar qurilmoqda.

Foto: SSV matbuot xizmati

Foto: SSV matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 28 ming nafardan ko‘proq odam karantinga olingan. 26-mart holatiga ko‘ra, koronavirus yuqtirib olganlar soni  65 nafarga yetgan.