O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 26-mart 11:00 holatiga 65 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq Saudiya Arabistonida Umra safarida bo‘lib qaytgan farg‘onalik fuqaroda koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, uning turmush o‘rtog‘i, ikki nafar farzandi va kelini ham koronavirusga chalingan. Ular ayni vaqtda Farg‘onadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Yana bir bemor Toshkent viloyatidan bo‘lib, ayni paytda u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanmoqda”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida. Vazirlik axborotida bu bemor kasallikni aynan kimdan yuqtirganiga, xorijda bo‘lgan-bo‘lmaganiga aniqlik kiritilmagan.

Avvalroq Toshkentdagi Virusologiya instituti klinikasida davolanayotgan koronavirusga chalingan bemorlar orasida Toshkent shahridan tashqari Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yashovchi fuqarolar borligi, ikki bemor Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani, 60-bemor esa Namangan viloyatida aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Mas’ullar 24-mart kuni besh nafar bemorda koronavirus kasallligi belgilari yo‘qolgani, ular o‘zini yaxshi his qilayotgani haqida, 25-mart kuni esa to‘rt nafar bemorning ahvoli og‘irligi, 13 nafar bemorda esa o‘pka yallig‘lanishi — pnevmoniya alomatlari kuzatilayotgani haqida bayonot bergan edi.

Dastlabki 49 bemorning 19 nafari erkak, 30 nafari xotin-qiz, shuningdek, 4 nafari voyaga yetmagan bolalar ekanligi aytilgan edi. Ularning to‘rt nafari 0—9 yoshgacha, bir nafari 10—19 yoshgacha, 27 nafari 20—40 yoshgacha, yetti nafari 40—50 yoshgacha hamda, to‘rt nafari 50—59 yoshgacha va olti nafari 60—70 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan choralar ko‘rilmoqda — poytaxt Toshkent 24-martdan boshlab yopilgan, mamlakat bo‘ylab dehqon bozorlaridan boshqa barcha bozorlar faoliyati to‘xtatilgan, to‘y o‘tkazish taqiqlangan. 25-martdan boshlab ko‘chada niqobsiz yurganlar jarimaga tortilmoqda.