Qozog‘iston axborotlashtirish va jamiyat taraqqiyoti vaziri Dauren Abayev qozog‘istonlik ayolning koronavirus infeksiyasi tufayli vafot etganini ma’lum qildi, deb yozmoqda Tengrinews.

Foto: “Informburo.kz”

“Qadrli yurtdoshlar, bu favqulodda brifing. Afsuski, bugun Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan ayol kishi koronavirusdan vafot etdi. Ayolning qarindoshlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Bu juda og‘ir yo‘qotish, hammamiz qayg‘udamiz. Ertaga Nur-Sulton sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xulosalari bo‘yicha batafsil ma’lumot beradi. Ushbu holat koronavirusning naqadar xavfli infeksiya ekanidan dalolat bermoqda. Hozir sodir bo‘layotgan voqealarning hammasi barchamiz uchun sinov”, — deya ta’kidlagan Dauren Abayev “Xabar 24” telekanalidagi chiqishida.

Nur-Sulton vaqti bilan soat 16:20 da Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus yuqtirib olish bo‘yicha 12 ta yangi holat qayd etilgani haqida xabar bergan va mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlarning umumiy soni 109 nafarga yetgandi.

Koronavirus yuqtirib olish holati Nur-Sulton va Olmaotada kuzatilgan, mos ravishda 61 hamda 40 nafar odam. Ikki nafardan koronavirus yuqtirgan bemor Qarag‘anda va Chimkentda, Olmaota, Aqto‘be, Jambil, Shimoliy Qozog‘iston viloyatlarida esa bittadan bemor COVID-19 bilan kasallangani ma’lum qilingan.

Ikki nafar bemor rasman kasallikdan tuzalgan va ularning Nur-Sulton hamda Olmaotada istiqomat qiladigan fuqarolar ekani aytilgandi.

Olmaota, Nur-Sulton va Chimkentda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha yangi cheklov choralari amalga oshirilmoqda.