2003-yil martda AQSh va koalitsiya qo‘shinlari Iroqqa qarshi harbiy operatsiya boshladi. Rasmiy Vashington dastlab Iroqdagi harbiy operatsiyani “Shok va titrash” deb atadi. Keyinchalik bu operatsiya “Iroqning ozodligi” deb nomlandi. Rasmiy Bag‘dod esa bu urushni “Harb al-havasim” – “hal qiluvchi urush” deb atadi. “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov an’anaviy tarix ruknida Iroqda boshlangan urush sabablari va keyingi tafsilotlar haqida ma’lumot beradi.

Foto: Google Photos

Urush sababi

Ushbu bosqinning rasmiy sababi Saddam Husayn rejimining xalqaro terrorizm bilan aloqasi, xususan, “al-Qoida” harakati bilan, shuningdek, Markaziy razvedka boshqarmasining Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlari bo‘lib, keyinchalik bu o‘z tasdig‘ini topmadi.

Birinchi marta Iroqdagi “rejim o‘zgarishi” mumkinligini 2002-yil 6-fevralda AQSh Davlat kotibi Kolin Pauel e’lon qilgandi. 2002-yil 12-sentabrda Jorj Bush BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlab, Saddam Husayn tomonidan “jiddiy xavf” mavjudligi haqida gapirdi. Bushning so‘zlariga ko‘ra, Bag‘dod BMTning qurolsizlanish talablarini bajarishdan bosh tortsa, unga qarshi harbiy harakatlar muqarrar bo‘ladi.

2002-yil 17-oktabrda AQSh Senati so‘nggi 20 yil ichida harbiy xarajatlarning eng katta o‘sishi bo‘lgan – 37,5 milliard dollarni 355,1 milliard dollargacha oshirishga ruxsat berdi. Bungacha prezident Bush Kongressning Husaynga qarshi kuch ishlatishga ruxsat bergan rezolyutsiyasini imzolab ulgurgan edi.

Fors ko‘rfazi mintaqasiga 19-mart kuni 255 mingdan ortiq kishidan iborat Amerika-Britaniya guruhi joylashtirildi. “Janubiy” hujum kuchlari esa Kuvaytda joylashtirilgan va taxminan 100 ming kishidan iborat edi.

Foto: Google Photos

Prezident Jorj Bush Oq Uyda Iroq masalasini muhokama qilyapti

AQSh qurolli kuchlari tarkibi

Qo‘shinlar quyidagi tarkiblardan iborat edi: AQSh armiyasining 3-piyodalar diviziyasi (18 ming kishi), 101-havo-desant diviziyasi (20 ming kishi), 82-havo-desant diviziyasining bir qismi (5 ming kishi), 1-dengiz piyoda qo‘shinlari diviziyasi (26,5 ming kishi) va Britaniya Qurolli Kuchlarining 1-tank diviziyasi (22 ming kishi). Ushbu qo‘shinlar xizmatida 600 dan ortiq tanklar bo‘lgan (430 ta Abrams M1 amerika tanklari va 180 ta Britaniyaning Challenger tanklari).

Fors ko‘rfazi, Sharqiy O‘rta yer dengizi va Qizil dengizning Iroqqa yaqin qirg‘oqlarida 63 ta kema, 7 ta suvosti kemasi va 400 dan ortiq samolyot va vertolyotdan iborat bo‘lgan 7 ta aviatashuvchi kemalar guruhi bor edi. Umuman olganda, 120 ga yaqin harbiy kemalar harbiy amaliyotlar o‘tkaziladigan joylarga ko‘chirildi. Kemalardagi dengizchilar va dengiz piyodalarining umumiy soni qariyb 100 ming kishini tashkil qilardi.

AQSh harbiy havo kuchlari va uning ittifoqchilari 20 mingga yaqin harbiy xizmatchilar va 300 dan ortiq samolyotlarni jalb qildi. Fors ko‘rfazida joylashtirilgan qo‘shin guruhlarini muvofiqlashtirib turuvchi shtab va qo‘mondonlik punktlari, Saudiya Arabistonida (Ar-Riyod yaqinida), Qatar (Doha yaqinida) hamda Ummon va Kuvayt sohillarida joylashgan edi.

Iroq qurolli kuchlari tarkibi

Saddam Husaynning doimiy armiyasi mart oyining boshida 389 ming askardan iborat bo‘lib, 650 mingga yaqini zaxirada bo‘lgan, ya’ni 24 ta diviziya va 7 ta armiya korpusi. Ikkita korpus Iroq shimolida joylashgan, bitta Eron bilan chegarada va bittasi amerikaliklarga qarshi urushning asosiy qismi bo‘lishi taxmin qilingan yerga, Basra shahri yaqiniga joylashtirilgan. Qolgan kuchlar Bag‘dod yaqinida joylashgan. Bundan tashqari, Iroq qo‘shinlari tarkibida 5 ming dona zirhli texnika, 300 ta samolyot va 400 ta vertolyot mavjud edi.

Foto: Google Photos

Saddam Husayn

Urushning boshlanishi

19-mart kuni AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari Kuvayt va Iroq chegarasidagi demilitarizatsiya qilingan zonaga kirdi. Xuddi shu kuni Jorj Bush harbiy harakatlarni boshlash buyrug‘ini berdi. Ekspeditsiya kuchlarining qo‘mondoni general Tommi Frenks edi.

2003-yil 20-martda, Toshkent vaqti bilan soat 07:35 da, AQSh Bag‘dodga birinchi raketa hujumini amalga oshirdi. Kuvayt va Iroq chegarasidagi Amerika qurolli kuchlari, artilleriyadan intensiv zarbalar berishni boshladi. Dengiz piyoda kuchlari va 3-mexanizatsiyalashgan bo‘linma Iroq-Kuvayt chegarasini kesib o‘tib, quruqlikdagi harbiy operatsiyani boshladi. Toshkent vaqti bilan soat 08:15 da AQSh prezidenti Jorj Bush milliy televideniyeda so‘zga chiqib, 35 davlatdan iborat koalitsiya qo‘shinlari Iroqni qurolsizlantirishni boshlaganini e’lon qildi.

9-aprel kuni Bag‘dod koalitsiya kuchlari tomonidan bosib olindi. 10- va 11-aprel kunlari Iroqning boshqa yirik shaharlari – Kirkuk va Mosul egallandi. Ushbu harbiy operatsiya umumiy 43 kun davom etdi va 1-mayga kelib yakunlandi.

O‘shanda Iroqqa qarshi harbiy kuch ishlatish qarori dunyoning 45 davlati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, O‘zbekiston ham. 32 ta davlat harbiy kontingent ajratdi. Ammo umumiy qo‘shinlarining 98 foizini AQSh va Britaniyaning askarlari tashkil etdi.

Foto: Google Photos

Amerikalik askar Saddam Husayn haykalini Qo‘shma Shtatlar bayrog‘i bilan o‘ramoqda. Iroq, 2003-yil

2003-yil 20-martda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda AQSh va Buyuk Britaniya qurolli kuchlari tomonidan Iroqni bombardimon qilish boshlangani munosabati bilan bayonot berdi. Vladimir Putin o‘z bayonotida Iroqqa qarshi harbiy harakatni katta siyosiy xato deb atadi. Rossiya Federatsiyasi prezidenti Iroqqa qarshi harbiy amaliyotlar “dunyo jamoatchilik fikriga zid ravishda xalqaro huquq prinsiplari va normalariga va BMT nizomiga zid ravishda” olib borilayotganini ta’kidladi. Vladimir Putinning Iroq haqidagi bayonoti 20-mart kuni BMT xavfsizlik kengashi va Bosh assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatildi va BMT bosh kotibi Kofi Annanga ham yuborildi.

Urush xarajatlari

Iroqda 720 soat davom etgan harbiy operatsiyalarni o‘tkazish qiymati 917 million 744 ming 361 dollar va 55 sentni tashkil etdi. Bu 2001-yilda 46 minut-u 10,5 soniyada ishlab chiqarilgan AQSh yalpi ichki mahsulotining ulushiga tengdir. Ushbu xulosalarni harbiy kampaniya natijalari bo‘yicha statistik ma’lumotlar bilan shug‘ullangan AQSh Mudofaa vazirligi berdi.

Yo‘qotishlar

2019-yil holatiga ko‘ra, AQSh qo‘shinlarining Iroq urushidagi yo‘qotishlari:

  • 4423 kishi halok bo‘ldi;
  • 31 942 kishi yaralandi;
  • 1 kishi bedarak yo‘qoldi.

Iroqda halok bo‘lganlar orasida dunyoning 21 mamlakatidan 317 harbiy xizmatchi bor edi. Eng ko‘pi Buyuk Britaniya askarlari bo‘lib, 179 harbiy xizmatchini tashkil etdi.

Urush paytida Iroq tinch aholisining yo‘qotishlari noma’lum va buni yetarli aniqlik bilan hisoblab bo‘lmaydi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 1 milliondan ortiq odam vafot etgan.

Foto: Google Photos

Saddam Husayn sudda. 2006-yil

Urushdan keyin

AQSh va koalitsiya harbiylarining tezkor zarbasi Yaqin Sharqdagi eng jangovor qo‘shinlardan biri bo‘lgan Iroq armiyasini tez fursatda tor-mor etdi. Olomonning Iroq diktatori Saddam Husaynning haykalini sindirayotgani kadrlari butun dunyoga tarqaldi. Saddam Husaynning o‘zi qo‘lga olindi va qatl qilindi.

Biroq oradan bir necha oy o‘tgach, tantanalar umidsizlikka aylandi. Iroqda rejimning qulashi davlatning qulashiga olib keldi, u yerga barcha yo‘nalishlardan jihodchi terroristlar yig‘ila boshladi. Husaynni ag‘darish operatsiyaning eng oson qismi edi, urushdan keyin ham Iroqdagi vaziyat beqaror bo‘lib, mamlakat sunniylar va shialar o‘rtasida uzoq va qonli fuqarolik urushi maydoniga aylanib ketdi.