O‘zbekiston TIV matbuot xizmati Turkiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.

Foto: Sputnik

Qayd etilishicha, hozirda Turkiyada, xususan, Istanbuldagi vaziyat tarangligicha qolmoqda. Bosh konsulxona O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatini tuzib, uni TIVga yuboradi.

Ushbu ro‘yxat har kuni murojaatlar asosida yangilanib, to‘ldiriladi va vakolatli idoralarga, xususan, respublika maxsus komissiyasiga, Transport, Sog‘liqni saqlash, Favquoldda vaziyatlar vazirligiga va milliy aviakompaniyaga yuboriladi. Ushbu idoralar hamkorlikda charter reyslarni amalga oshirish va tashkiliy masalalarni hal qiladi.

Istanbuldan 21 va 24-mart kunlari charter reyslar tashkillashtirilishi natijasida 500 ga yaqin o‘zbekistonliklar vatanda qaytarilgani va bu jarayon davom ettirilishi ta’kidlangan.

“Bosh konsulxona oldida to‘planib, diplomatlarimiz vakolatiga kirmaydigan turli talablar qo‘yish (zudlik bilan charter reysni tashkillashtirish) bilan masalani hal qilib bo‘lmaydi, vaziyat tarangligicha qolaveradi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, xorijiy mamlakatlar Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari bilan yaqin aloqada bo‘lib, O‘zbekistondagi o‘z yurtiga keta olmagan uch mingdan ortiq chet el fuqarolari o‘z vatanlariga qaytarilgani qayd etilgan.

“Hurmali Turkiyadagi fuqarolarimiz, sizni biroz sabrli va matonatli bo‘lishga, tinchlik va osoyishtalikni saqlashga chaqirib qolamiz”, — deyiladi  xabarda.