COVID-19 infeksiyasi aniqlangan krevetkalar sotuvchi ayol Uxandagi dengiz mahsulotlari sotiladigan bozor bilan bog‘liq bo‘lgan birinchi kishi bo‘lgan, biroq u qachon va qayerda kasallangan, haqiqatan ham koronavirusga chalingan ilk bemor bo‘lganmi, hanuzgacha noma’lum. “RIA Novosti”ning yozishicha, bu haqda Xitoydagi nufuzli gazetalardan biri bo‘lgan “Penpay”da ma’lum qilingan.

Foto: The Walt Street Journal

Dengiz mahsulotlari bozori infeksiya manbai bo‘lganmi yoki virus boshqa joyga tushganmi, degan munozaralar hali ham davom etmoqda. Mutaxassislar hozircha virus bilan kasallangan dastlabki bemorni aniqlay olmagan va virus hayvondan odamga qanday yo‘l bilan, qachon va qanday sharoitda yuqqan bo‘lishi mumkinligini aniqlay olmagan.

Gazetada yozilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Xuanan” bozorida tirik krevetka (mayda qisqichbaqa)lar savdosi bilan shug‘ullangan Vey familiyali ayolning 2019-yilning 11-dekabrida noma’lum sabablarga ko‘ra tana harorati ko‘tarilgan. Keyinchalik aynan shu ayol “Xuanan” bozorida COVID-19 bilan kasallangani tasdiqlangan birinchi bemor bo‘lgani aniqlangan.

Uxan sog‘liqni saqlash komissiyasi 31-dekabr kuni kasallanganlarning birinchi guruhida 27 kishi bo‘lganini ma’lum qilgan (u paytda bemorlarda pnevmoniyaning tez rivojlanishiga nima sabab bo‘layotgani noma’lum bo‘lgan). Kasallik odamdan odamga yuqishi belgilari yo‘qligi ta’kidlangan (virusning odamdan odamga yuqishi yanvar oyida tasdiqlangan). Gazeta xodimlari koronavirusga chalinganlarning ro‘yxati nusxasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Unda 24 kishi “Xuanan” bozoriga aloqadorligi yozilgan, ulardan 4 nafari bir oilaning a’zolari bo‘lgan.

Vey ro‘yxatdagi odamlar orasida birinchilardan bo‘lib o‘zida kasallik belgilarini aniqlagan. Ayol ancha vaqtdan beri bozor yaqinidagi uyda ijarada turgan. Uning uyi bilan ish joyi orasidagi masofa 500 metrdan uzoq bo‘lmagan. Issig‘i ko‘tarilgan vaqtda ayol uyining birinchi qavatidagi shifoxonaga murojaat qilgan.

Ayol savdo bilan shug‘ullanishi, shu sababli uyda yotib davolana olmasligini aytgan. Odatda, o‘zini yomon his qilganida kasalxonaga borishi, bitta muolajadan so‘ng sog‘lig‘i ancha yaxshi bo‘lib qolishini ta’kidlagan. Biroq bu safar Veyga ikkita muolaja ham yordam bermagan va u boshqa kasalxonaga murojaat qilgan. Ular ham ayolga yordam bera olmagan. Oxiri uyda yotib, dorilar ichib davolanishga qaror qilgan. 16-dekabr kuni Guanchjou fan va texnologiya universiteti qoshidagi Wuhan Union Hospital kasalxonasiga murojaat qilgan

Gazeta jurnalistlarining aniqlashicha, birinchi guruhdagi kasallanganlarning 11 nafari kasallik alomatlari paydo bo‘lishi bilan bozor yaqinidagi eski uylarda joylashgan kichik shifoxonlarga murojaat qilgan. 23-dekabr kuni gazeta xodimlari bozor hududiga borgan va koronavirus bilan kasallangan birinchi bemorlar murojaat qilgan barcha kichik klinikalar yopiqligini ko‘rgan.

Ro‘yxatni o‘rganib chiqqan jurnalistlar dengiz mahsulotlari sotiluvchi “Xuanan” bozoriga bormasdan turib kasallangan Chen ismli erkak bemorni aniqlashgan. 16-dekabr kuni uning tana harorati ko‘tarilgan va Uxan tashqarisida joylashgan Szyansi kasalxonasiga murojaat qilgan.

U shifokorlarga kompaniyalardan birida moliyaviy ishlar bilan shug‘ullanishi va uyidan 30 kilometrdan ortiq uzoqlikda joylashgan “Xuanan” bozoriga bormaganini aytgan va qayerda kasallik yuqtirib olgan bo‘lishi mumkinligini tushuna olmagan. Qayd etilishicha, unda virus aniqlangani e’lon qilinishidan avval oila a’zolari hech qanday himoya choralarini ko‘rmagan, shunga qaramay hech kim undan virus yuqtirib olmagan. Unga kasalxonada hamroh bo‘lgan odam ham kasallanmagan.

Erkak, shuningdek, kasallik aniqlanmasidan yarim oy oldin faqat ishga qatnagani va boshqa hech qayerga bormaganini aytgan va virusni ishga qatnash vaqtida yo‘lda yoki kasalxonaga borganidan so‘ng yuqtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Hozirgi kunda koronavirusga chalinganlar soni dunyo bo‘yicha 471,5 ming kishidan, qurbonlar soni esa 21 mingdan oshib ketdi. Vafot etganlarning aksariyat qismi Italiyada — 7,5 ming kishi. Ispaniyada esa virus oqibatida vafot etganlar soni 3,6 mingga yetgan. Virus o‘chog‘i hisoblangan Xitoyning Xubey provinsiyasida ushbu ko‘rsatkich — 3,1 ming kishini tashkil etmoqda.