Xitoyning Geely avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi o‘zining patentlangan mutlaqo kontaktsiz savdo tizimini ishga tushirdi. Xaridorlar onlayn ravishda nafaqat mashina modellarini tanlashi, balki uning kalitini inson ishtirokisiz qabul qilib olishi mumkin. Kompaniya saytida yozilishicha, kalitlarni dronlar yetkazib beradi.

Foto: Global.Geely

Geely bu kabi tizimni yangi turdagi COVID-19 pandemiyasi sabab joriy etgan.

Ta’kidlanishicha, mashina o‘z egasiga yetkazib berilishidan oldin dezinfeksiyalanadi. Shuningdek, yangi tizimga ko‘ra, endilikda avtomobil kaliti uchuvchisiz uchish qurilamalari yordamida xaridorning eshigi yoki balkoniga olib boriladi.

Hozircha ushbu xizmatdan Xitoyning ayrim provinsiyalarida istiqomat qiluvchi iste’molchilar foydalana oladi, biroq kelajakda butun mamlakat bo‘ylab ishga tushishi mumkin.

Geely ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tizim ishga tushirilganidan buyon 10 ming odam undan foydalangan. Yana 110 ming xaridor yaqin vaqti ichida buyurtma qilishga tayyor ekanligini bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Geely avtomobil salonidagi havoning tozaligini ta’minlovchi tizimni, shuningdek, antimikrob materiallarni yaratishga 370 million yuan (qariyb 52 million dollar) sarflagan.