Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi sutkada koronavirusdan 6 kishi vafot etdi, kasallanish bilan bog‘liq 67 ta holat aniqlandi — ularning barchasi chetdan yuqtirilgan, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Foto: Reuters

Mamlakatda umumiy hisobda koronavirusni chetdan yuqtirish bilan bog‘liq 541 ta holat qayd etilgan. Shuningdek, 401 nafar bemor tuzalgani aytilgan.

“Davlat sog‘liqni saqlash qo‘mitasiga 31 ta provinsiyadan koronavirus bilan kasallanish tasdiqlangan 81 285 ta holat to‘g‘risida ma’lumot kelib tushdi, shu jumladan, hozirda kasallanganlar soni 3 947 kishini tashkil qilmoqda (ulardan 1 235 nafari og‘ir ahvolda), 74 051 kishi kasalxonadan chiqarildi, 3287 nafari vafot etdi”, — deyiladi xabarda.

Epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Xubey provinsiyasida, shu jumladan, Uxanda so‘nggi sutka davomida kasallanish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Kasalxonadan 391 kishi (shundan 383 nafari Uxanda) chiqarilgan, bemorlarning 6 nafari vafot etgani qayd etilgan.

Dunyo bo‘yicha COVID-19 koronavirus pandemiyasiga chalinganlar soni 400 ming kishidan, qurbonlar soni esa 18 mingdan oshib ketdi. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlar soni ko‘pligi bo‘yicha yuqori beshlikdan Xitoy, Italiya, AQSh, Ispaniya va Germaniya joy olgan.

Avvalroq Xitoyda ilk bor xantavirus sababli vafot etish holati qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.