O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari koronavirusdan vafot etish holati bilan bog‘liq tegishli fatvolar va tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan kengashgan holda koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitni dafn etish borasida qanday yo‘l tutilishini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Idora tomonidan ma’lum qilinishicha, Islom dinida biror musulmon vafot etsa, uni shariat ko‘rsatmasiga binoan yuvish, kafanlash va dafn qilishga buyurilgan. Ushbu amallarni bajarish jarayonida odamga zarar yetish ehtimoli mavjud bo‘lsa, “islomda zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q” va “mashaqqat yengillikni jalb qiladi” kabi fiqhiy qoidalariga binoan, mazkur amallarni ijrochilarga ziyon-zahmat yetkazmagan shaklda bajarishga ruxsat beriladi. Chunki bilib turib jonini xavf-xatarga qo‘yish — o‘zini halokatga tashlashdir.

Bu kabi o‘ta yuqumli va xatarli kasalliklar vafot etgan musulmonlarni yuvish, kafanlash va dafn qilishda o‘ziga xos talablarga rioya etishni taqozo etadi. Ya’ni yuvuvchi, kafanlovchi va dafn qiluvchilarga virus o‘tish ehtimolining oldini olish zarur.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan mazkur masala bo‘yicha Misrning “Dorul-ifto” fatvo uyushmasi fatvosi, Azhar ulamolari kengashi fatvosi, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi fatvolari o‘rganib chiqildi.

Hozirgi kunda dunyo musulmon davlatlari tajribasida mayyitni yuvish, kafanlash va dafn marosimi sanitar xodimlar yordamida shariatga muvofiq ado qilinmoqda. Ushbu amallarni bajarishda mayyitning yaqinlari ishtirok etayotgani yo‘q. Marhumning yaqin qarindoshlari faqat janoza o‘qishda qatnashmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan o‘zaro maslahat asosida, karantin holatida mayyitni imkon qadar shariat ko‘rsatmalariga muvofiq yuvish, kafanlash va dafn qilishga harakat qilinadi. Bu jarayonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirok etadi.

Mazkur amallar farzi kifoya ma’nosidagi ishlar bo‘lib, ba’zi musulmonlar amalga oshirsa, qolganlaridan soqit bo‘ladi.

Demak, koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitning dafn marosimini faqat yaqin qarindoshlari vakillari ishtirokida qilish lozim, deyiladi idora xabarida.

Dafn marosimida ishtirok etuvchilar tibbiy ko‘rsatmalarga amal qilishi, jumladan, niqoblar va qo‘lqoplardan foydalanishi hamda marosimdan so‘ng karantin talablari asosida dezinfeksiya va shaxsiy gigiyena amallarini bajarishi lozim.

Ta’kidlanishicha, janoza, dafn va ta’ziya marosimlarini ixcham tarzda o‘tkazish barobarida epidemiya hamda karantin davridagi talablar, xususan, gigiyena qoidalariga jiddiy amal qilish lozim bo‘ladi. Shuningdek, marosimlar maxsus komissiya qarori asosida qat’iy cheklangan tarkibda o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan fuqarolar soni 83 nafarga yetdi, ulardan yetti nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. 27-mart kuni tongda Namanganda koronavirusga chalingan 72 yoshli ayol vafot etdi — uning o‘limiga miokard infarkti sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi koronavirus tarqalishining oldini olish yuzasidan mamlakat musulmonlariga murojaat va chaqiriq bilan chiqqan edi.