2020-yil 28-martdan 5-aprelga qadar Namangan shahridagi mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilot, muassasa va idoralarda ta’til e’lon qilinadi. Bu haqda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov televideniye orqali aholiga murojaatida ma’lum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

Ushbu kunlar mobaynida Namangan shahri fuqarolaridan ko‘chaga chiqmasliklari talab etiladi.

Bu cheklovdan davlat va ijro hokimiyati, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda soliq, bank kabi iqtisodiyot idoralarida ishlovchilargina mustasno qilinadi.

“Fuqarolarimizga mana shu 9 kun mobaynida o‘ta zaruriyatsiz ko‘chaga chiqish ta’qiqlanadi”, — deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan fuqaro o‘limi bilan bog‘liq ilk holat ham Namangan shahrida qayd etilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 27-mart soat 20:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 88 nafarga yetgan, respublikada jamoat joylarida niqob taqmagan 178 kishi 61,8 million so‘m jarimaga tortilgan. O‘zbekistonda o‘ta zaruratsiz uydan chiqish va ko‘chada 3 nafardan ortiq bo‘lib to‘planish taqiqlangan.