AQShning Nyu-York shahrida pandemiya sharoitida morglar ishini yengillashtirish uchun ko‘chalarda muzlatgichli yuk mashinalari o‘rnatildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Reuters

Shahar morglari pandemiya sababli ko‘payib ketishi mumkin bo‘lgan jasadlarni qabul qila olmay qolgan taqdirda, yuk mashinalari jasadlarni tashish bilan shug‘ullanadi.

“Biz sog‘liqni saqlash bo‘yicha inqirozni boshdan kechiryapmiz, shaharda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi”, — deb ma’lum qilgan shahar ma’muriyati vakili.

Shuningdek, Nyu-Yorkda koronavirusdan vafot etganlarning jasadlarini saqlash uchun chodirlar o‘rnatilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, chodirlar va yuk mashinalari jami 3500-3600 ta jasadni sig‘dira oladi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh 26-mart, payshanba kuni, koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha Xitoydan ham o‘tib ketdi va mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi.