Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining hudud bo‘ylab tarqalishining oldini olish maqsadida shahar maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 2020-yil 27-mart kuni soat 00:01 dan boshlab Bekobod shahriga har qanday transport vositalari (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport)da qo‘shni tumanlar va viloyatlardan kirish va chiqish to‘xtatilgan. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar qilgan.

Foto: “Daryo”

Olmaliqda ham shaharga kirish-chiqish to‘xtatilgan. Bekobod shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, Bekobod shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga shaharga kirish uchun, Bekobod shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda shahar hokimining alohida topshirig‘iga asosan shaharda hududlarga biriktirilgan mas’ul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

24-mart, seshanba kuni, Qamchiq dovonida transportlar harakati to‘xtatilgan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga kirish ham vaqtincha yopilgan, poytaxt Toshkent shahri esa 24-mart kuni soat 00:01 dan boshlab yopib qo‘yilgan.