Koronavirus yuqtirib olganlar soni dunyo bo‘yicha 600 mingdan oshdi. Ular orasida siyosat arboblari, amaldorlar, kino aktyorlari va musiqachilar ham bor. Reuters agentligi koronavirusga chalingan mashhurlar haqida fotoreportaj tayyorladi.

27-mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonda koronavirus aniqlandi. Ayni vaqtda uyda izolyatsiyaga olingan siyosatchi hukumatni videokonferensaloqa orqali boshqarishda davom etmoqda.

Foto: Reuters

25-mart kuni Britaniya taxti vorisi — 71 yoshli shahzoda Charlzda ham koronavirus aniqlangan. Ayni vaqtda shahzoda va rafiqasi o‘zini izolyatsiya qilgan.

Foto: Reuters

Jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib qamoq muddatini o‘tayotgan sobiq kinoprodyuser Xarvi Vaynshteynda 23-mart kuni koronavirus aniqlandi. 68 yoshli Vaynshteyn qamoqxonaning izolyatoriga olingan.

Foto: Reuters

Britaniyalik aktyor Idris Elba 16-mart kuni unda koronavirus aniqlangani haqida Twitter orqali ma’lum qildi. Koronavirusga chalingan odam bilan muloqot qilgani ma’lum bo‘lganidan so‘ng u test topshirgan va test ijobiy chiqqan. Idrisning xotini Sabrina erini yakkalab qo‘yishdan bosh tordi va bir haftadan so‘ng unda ham koronavirus aniqlandi.

Foto: Reuters

Aktyor Tom Xenks va uning rafiqasi Rita Uilson Avstraliyada yangi film ustida ish olib borayotganida koronavirus yuqtirib olgan. Bir necha kunlik muolajalardan so‘ng er-xotinga uyiga javob berilgan, ular Avstraliyada ijaraga olingan uylarida karantinga olingan.

Foto: Reuters

19-mart kuni Monako knyazi Alber II da koronavirus aniqlangani ma’lum qilindi. U COVID-19 yuqtirib olgan birinchi davlat rahbari bo‘ldi. Knyaz Alber o‘z uyidagi ofisida ish faoliyatini davom ettirmoqda.

Foto: Reuters

Ispaniyalik opera qo‘shiqchisi Plasido Domingo 22-mart kuni koronavirus yuqtirib olganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, yo‘tal tutib, harorati ko‘tarilganidan so‘ng test topshirishga qaror qilgan, natija esa ijobiy chiqqan. Domingo hozir oilasi bilan karantinda.

Foto: Reuters

NBA basketbolchisi, “Bruklin Nets” hujumchisi, AQSh termasi safida jahon va Olimpiada chempioni bo‘lgan Kevin Dyurantda 17-mart kuni koronavirus aniqlandi.

Foto: Reuters

“Hayot-mamot” (Lost), “Gavayi 5.0” seriallaridagi roli bilan tanilgan aktyor Daniel De Kim 19-mart kuni koronavirus yuqtirib olganini e’lon qildi.

Foto: Reuters

“Taxtlar” o‘yinidagi Tormund roli bilan tanilgan Kristofer Xivyuda koronavirus aniqlanganidan so‘ng u Norvegiyada oilasi bilan birga uy sharoitda izolyatsiyalangan.

Foto: Reuters

Jeyms Bondning sevgilisi rolini o‘ynagan aktrisa Olga Kurilenko 15-mart kuni koronavirus yuqtirib olib, uy sharoitida izolyatsiyalanganini ma’lum qildi. Bir haftadan so‘ng u uyda davolanib, butunlay sog‘ayib ketganini aytdi.

Foto: Reuters

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning rafiqasi Sofiya Londondan qaytganidan so‘ng unda kasallik simptomlari paydo bo‘ldi. 12-martda topshirgan testi unda koronavirus borligini ko‘rsatdi.

Foto: Reuters

Rudi Gober koronavirus aniqlangan birinchi NBA basketbolchisi bo‘ldi. Shundan so‘ng NBAda barcha uchrashuvlar qoldirildi. COVID-19 aniqlanishidan oldingi matbuot anjumanida basketbolchi koronavirus atrofidagi vahimalar ustidan kulib, barcha mikrofonlarga teginib chiqqandi.

Foto: Reuters

“Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Artetada 12-mart kuni koronavirus aniqlandi. Shundan so‘ng London klubi ikki haftalik karantinga jo‘natildi. Hozir murabbiy o‘zini sog‘lom his qilayotganini aytmoqda.

Foto: Reuters

“Yuventus” himoyachisi Daniele Rugani koronavirus yuqtirib olgan Italiya A Seriyasining birinchi futbolchisi bo‘ldi. Unda 11-mart kuni koronavirus aniqlandi. Keyinroq uning jamoadoshi Blez Matyuidida ham koronavirus aniqlandi.

Foto: Reuters

Daniele Rugani va Blez Matyuididan so‘ng “Yuventus”ning yang bir futbolchisi Paulo Dibalada ham koronavirus aniqlandi.

Foto: Getty Images

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning rafiqasi Begonya Gomesda 14-mart kuni COVID-19 koronavirusi aniqlandi.

Foto: Reuters