O‘zbekistonda 28-mart soat 15:00 holatiga koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 16 taga oshib, 104 nafarni tashkil etmoqda. 28-mart kuni 39 yoshli bir nafar erkak bemorda o‘lim holati qayd etildi.

Vafot etgan bu bemor, Sog‘liqni saqlash vazirligi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiyadan O‘zbekistonga birinchi kasallikni olib kelgan bemor ayol bilan muloqotda bo‘lgan. Vazirlik u aynan qachon, qayerda birinchi bemor bilan muloqotda bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

“U o‘z kasalligini dastlab bilgan bo‘lsa-da, o‘zi vrach bo‘la turib, yurtimizda olib borilayotgan shuncha targ‘ibot ishlariga qaramay, shifokorlarga murojaat etmay, uyida yashirincha o‘zicha davolanishga uringani ma’lum bo‘lgan”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida.

U kasallikning og‘ir davri boshlangandan so‘nggina, 26-mart kuni Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga tez yordam xizmati orqali yotqizilgan. 27-mart kuni Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga o‘tkazilgan.

“Shu o‘rinda barchani tashvishga soladigan bir jihat bor: bu bemor uyida bo‘lgan paytda qancha odamlar u bilan muloqot qilgan, muloqotda bo‘lib kasallikni yuqtirib olganlar o‘z navbatida yana qancha insonlarga tarqatgan”, — deyiladi vazirlik axborotida. U aynan qancha odam bilan muloqotda bo‘lgani, 26-martga qadar karantinda bo‘lgan-bo‘lmaganiga aniqlik kiritilmagan.

Avvalroq, 27-mart kuni tongda O‘zbekistonda koronavirusga chalingan birinchi bemor vafot etgani haqida xabar berilgan edi.