Koronavirus dunyo kelajagini o‘zgartirib yuboradimi? AQSh yetakchilik sinovidan yiqildimi? Globalizatsiyaning so‘nggi kunlari va vaksina yaratishga kirishgan dunyo olimlari haqida jahon matbuoti sharhi ruknining koronavirusga bag‘ishlangan navbatdagi sonida ma’lumot olasiz.

Koronavirusdan keyingi dunyo manzarasi qanday bo‘ladi? Olimlar nima demoqda?

The Foreign Policy nashri dunyoning ko‘zga ko‘ringan olimlaridan koronavirusdan so‘ng insoniyat qanday jamiyatda yashay boshlashiga oid savollariga javob oldi.

Foto: AP

Berlin devorining qulashi XX asr oxirlarida dunyo siyosatiga qanday ta’sir etgan bo‘lsa, COVID-19 pandemiyasi ham biz bilgan dunyo manzarasiga kuchli ta’sir qilmoqda. Buni insoniyat endigina anglay boshlayapti. Kasallik odamlar hayotiga zarba bermoqda, bozor mexanizmlari qonuniyatlariga salbiy ta’sir qilmoqda, ayrim hukumatlarning nooqilona boshqaruv asosiga qurilganini ko‘rsatib qo‘ymoqda. Bu esa iqtisodiyot va siyosatga ham ta’sir qilyapti.

Erkinlik, taraqqiyot va ozodlik cheklangan dunyo

Garvard universitetining xalqaro munosabatlar bo‘yicha professori Stiven Uoltning fikricha, pandemiya markaziy hukumatning ta’sirini, milliy vatanparvarlik ruhini kuchaytiradi. Inqirozning oldini olish borasida hukumatlar favqulodda choralarga moyil bo‘ladi, aksar davlat rahbarlari bugungi holatdagi vaziyatda o‘z manfaatlari yo‘lida ham foydalanishi mumkin.

Shuningdek, COVID-19 ta’sir va kuch joylashuvining G‘arbdan  Sharqqa ko‘chishi yuz beradi. Janubiy Koreya va Singapur virusga qarshi mohirona kurashgan bo‘lsa, Xitoy hukumati boshida xatolarga yo‘l qo‘yib bo‘lsa-da, vaziyatni o‘nglay oldi. Yevropa va Amerika qit’asidagilar esa kasallikka qarshi kurashda o‘z nomiga dog‘ tushirishga ulgurdi.

COVID-19 dan keyingi dunyo giperglobalizatsiyadan chekina boshlaydi, chunki bugungi vaziyatda insonlar ularni himoya qila oladigan yagona kuch bu ularning hukumati ekaniga tobora ishonchi ortib bormoqda. Birlashgan, jipsday ko‘ringan Yevropa Ittifoqida ham virus tarqalganidan so‘ng vatanparvarlik o‘zini ko‘rsata boshladi va idealistik g‘oyalar ortga chekindi. Har bir mamlakat virusga qarshi kurashda yakkama-yakka qolgani ochilib qoldi.

O‘limga olib keluvchi virus boshqaruvning noqobilligini, insoniyatni global xavflar oldida ojizligini ko‘rsatib qo‘ydi hamda dunyoda ozodlik, demokratiya, tenglik  masalalarini sinovdan o‘tkazdi. Sinovdan ko‘plar o‘tolmadi.

Globalizatsiya so‘nggi kunlarini ko‘rmoqda

Chatham House xalqaro munosabatlarni tadqiq qilish markazi direktori Robin Niblet nazarida, COVID-19 globallashgan iqtisodiyot asosini yo‘q qilishga qodir bo‘lgan sabablardan biridir. Xitoy hukumatining iqtisodiy va harbiy sohalardagi muvaffaqiyati natijasida AQSh Xitoyni amerikaliklar yaratgan yuqori texnologiyalardan siqib chiqarishga ahd qilgan va o‘z ittifoqchilarini ham shunga majburlashga urinmoqda.

Jamoatchilik va ayrim siyosiy guruhlar uglerod chiqindilarini kamaytirish uchun bosim o‘tkazayotgan bir vaziyatda COVID-19 mamlakatlarni alohidalanishga – izolyatsiyaga mahkum qilmoqda. Shunday bir manzarada dunyo globalizatsiyaning manfaatli ekani g‘o‘yasiga qaytmasa kerak.

XX asr davomida katta sa’y-harakatlar bilan erishilgan globallashuv yutuqlari o‘zini himoya qilolmasdan, COVID-19 hujumi ta’sirida puch xayolga aylanib qolmoqda. Yechim esa quyidagicha: dunyo davlatlari rahbarlari geosiyosiy raqobatga berilmay, xalqaro hamkorlik sari qadam tashlashi joiz. Shunday ekan, davlatlar virusni yenga olishiga o‘z xalqini ishontirishi, buning uddasidan chiqishi kerak va shundagina ular siyosiy kapitalga ega bo‘la oladi.

Xitoyga qadalgan globalizatsiya

COVID-19 dunyo iqtisodiyotini keskin o‘zgartirib yubormaydi, balki AQShga yo‘nalgan globallushuv markazini Xitoyga yo‘nalgan markazlashuvga burib yuboradi. Bugun AQSh globalizatsiya va xalqaro savdo borasida o‘z ustunligini yo‘qotganiga ishonch mustahkam o‘rnashib oldi. Endilikda dunyo Xitoyni ishonchli hamkor sifatida bilmoqda.

2020-yilda AQSh prezidenti kim bo‘lishidan qat’i nazar, yo‘qotilgan nufuzni tiklash uchun ancha vaqt kerak bo‘lishi tabiiy. Xitoy sanoatining o‘sishi bugun xitoyliklarda mamlakat har qachon va har qanday jamiyatda raqobatlasha olishiga ishonch uyg‘otmoqda. Shunday ekan, AQSh o‘z jamiyatining farovonligini ta’minlamoqchi bo‘lsa, Xitoy bilan hamkorlik qilishga mahkum, aks holda antagonistik geosiyosiy raqobat faqat amerikaliklarga ziyon yetkazadi. Ammo AQSh siyosiy davralaridagi sog‘lom aqlning Xitoyga nisbatan siyosatda g‘olib chiqishi mo‘jiza.

AQSh dunyo yetakchisi sinovidan yiqildi

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti direktor o‘rinbosari Kori Shalkening fikricha, AQSh ortiq dunyo yetakchisi maqomiga ega bo‘lolmaydi, chunki AQShni o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda va tor siyosiy doiraga ega bo‘lganlar boshqarmoqda. Agarda AQSh hukumati Xitoydagi pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning kuzatuvchisi bo‘lmay, “Xitoy virusi” deya tamg‘a bosmay, qo‘lidan kelgan yordamni berganida edi, vaziyat boshqacha bo‘lgan, AQSh dunyo yetakchisi degan nomga loyiqligini isbotlagan bo‘lar edi. Hozirda AQSh vaziyatni boy berdi va imtihondan yiqildi.

Bruklin Markaziy shifoxonasi tashqarisida COVID-19 ga chalindim deb o'ylaganlar tahlil uchun navbat kutyapti.

Foto: Google Photos

Xalqaro munosabatlar kengashi prezidenti Richard Xaas COVID-19 ta’sirida o‘z ichki siyosatiga bog‘lanib qolgan, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal qilishgan urinayotgan mamlakatlar soni ko‘payadi va bu mamlakatlarda hokimiyat zaiflasha boshlaydi, deb fikr bildirgan bo‘lsa, Garvard universiteti boshqaruvchilar maktabi professori Nikolas Bernsning fikricha, 7,8 milliard aholi yashaydigan sayyorada AQSh va Xitoy bir-birini kim inqirozda aybdorligini isbotlashdan va kim samarali boshqaruv tizimiga ega ekani borasida poygaga kirishmasdan, Yevropa Ittifoqi 500 millionli aholisiga maqsadli yo‘naltirilgan yordamni ko‘rsata olsa, bugungi dunyo manzarasini saqlab qolish mumkin. Aks holda Bryussel ham ko‘p vakolatlaridan ayriladi.

G‘arbliklarning COVID-19 ga befarqligi o‘limlar sonini ko‘paytirmoqda

Sayyohlar oqimidan to‘lib-toshgan Nyu-York va shahar  bog‘laridan oyog‘i uzilmaydigan yuguruvchilar pandemiya davrida ham hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q degan tasavvurni beradi. Shunga qaramay, COVID-19 bilan kasallanganlar soni oshib bormoqda, Italiyadagi vaziyat ham e’tiborga molik, deb yozadi CNN nashri.

Italiyada COVID-19 virusi aniqlangan paytda hukumat mamlakat shimolida “qizil hudud”larni tashkil qildi va virusdan kasallanganlarni olib kela boshladi; shunga qaramay, virus keng yoyila boshladi. Natijada Italiya hukumati 9-mart sanasida mamlakat miqyosidagi izolyatsiyani e’lon qildi. Karantin holatini buzgan huquqbuzarlarga 232 dollar miqdorida jarima yoki olti oylik qamoq jazosini tayinlashi haqida ma’lumot berdi.

100 minglab italiyaliklar politsiyadan karantin qoidalarini buzgani uchun jarima to‘lashi kerakligi borasidagi xabarlarni olishiga qaramay, choralar samara bermadi. Shunda Italiya hukumati vaziyatga yordam berish maqsadida armiyani jalb qildi, sababi mamlakatda virus bilan bog‘liq vaziyat keskin pallaga kirib ulgurgan, aholi hamon jamoaviy to‘planishlardan to‘xtamayotgan edi.

Italiyada bir kunda 1 400 kishi virus sabab halok bo‘lgani e’lon qilinganda hukumat yanada keskinroq choralarni ko‘rishga kirishdi. Shu tariqa Yevropa Xitoydan virus o‘chog‘iga aylanish estafetasini qo‘lga kiritdi, ammo Yevropadagi ko‘pgina davlatlar Italiyadagi vaziyatdan saboq olmadi.

Londonda Boris Jonson hukumati barchaga uyda qolib, o‘z vaqtlarini oila davrasida o‘tkazishga chaqirgan bo‘lsa-da, ko‘plab britaniyaliklar bahorning salqin va xushvaqt havosida bo‘sh vaqtlarini bog‘larda o‘tkazishga urindi. Hukumat faqat birinchi yordam uchun zarur mahsulotlarni sotib olish, kunda bir mahal sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish, tibbiy yordam olish va zarur bo‘lgan holatdagina ishga chiqish mumkinligi haqida e’lon qildi.

Bu o‘lchamlarga mos kelmaganlar esa jarimaga tortilishiga, moddiy zarar ko‘rmaslik uchun va yaqinlari hayotini xavf ostida qoldirmasligi uchun ham uyda qolishlari tavsiya qilindi. Politsiyaga jamoatni tarqatish va jarimaga tortish vakolati yuklatildi. Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Met Xenkok hukumat talabini bajarmayotganlarni “xudbinlar” deb atagan bo‘lsa, Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo ko‘chada to‘planadiganlarni “adashganlar, takabburlar, hissizlar” deb atay boshladi.

Ammo qarshi fikrlar ham bor. Uorvik biznes maktabi professori Nik Cheyterning fikricha, tatbiq etilgan choralar yetarli bo‘lmay, G‘arb hukumatlarining barlarni, restoranlarni yopish borasidagi siyosati turli ma’nodagi izohlarga sabab bo‘lmoqda. Cheyter barchani uydan chiqmaslikka chaqirar ekan, sog‘lik eng muhim boylik ekanini ham aytib o‘tdi.

Shuningdek, Nik Cheyter COVID-19 holatida odamlarga mulozamat bilan muomala qilish yordam bermasligi, aksincha, ularga vaziyatni bor holicha tushuntirish ko‘proq yordam bergan bo‘lar edi, deydi.

Xitoydan farqli ravishda, G‘arb mamlakatlari COVID-19 sharoitida yumshoq choralar ko‘rmoqda. Har holda demokratiya vatani-da. Keskin choralar o‘rniga Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya davlatlari hukumatlari ijtimoiy muhofazalanishga urg‘u bermoqda, ishchilarni o‘z ishlarini iloji boricha uydan turib bitkazishga undamoqda.

Misol uchun, Germaniyada hukumat ikkita fuqarodan ortiq shaxsning to‘planishini jarimaga tortadigan bo‘ldi. Bu bayonot, o‘z-o‘zidan, virus tarqalishining oldini olishga qaratilgan.

Avstraliyada esa mashhur Bondi plyajiga o‘tgan dam olish kunlari  mingdan ortiq ziyoratchi keldi, hukumat mashaqqat bilan erishilgan tushintirish ishlari natijasida plyajga kelganlarni uylariga qaytarishga erishdi. Plyaj karantin sabab yopildi.

Britaniyada parlament deputati Bermondsi Nil Koyl Twitter'dagi sahifasida yo‘lovchilar bilan to‘lgan metro vagonini e’lon qildi va hukumatdan mas’uliyatsiz ish beruvchilarni jarimaga tortishni so‘radi.

Uelsning Snoudoniya milliy bog‘i hukumatdan murakkab vaziyatda tashrif buyuruvchilar soni oshib ketgani bois kerakli choralarni ko‘rishni so‘radi. Achinarlisi shuki, bog‘ga keluvchilar “Uyingizga qayting” belgisiga ham amal qilmagan.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom plyajlarga keluvchilarga “Xudbin bo‘lmanglar” deya murojaat qilgan. Shotlandiya bosh vaziri aholini “aqlliroq bo‘lishga” chaqirgan. Avstraliya bosh vaziri Skot Morrison vatandoshlarini bemulohazalikda, ijtimoiy masofani saqlamayotganlikda ayblagan.

Xitoy esa ayni paytda virus bilan yangi kasallanganlar miqdori qayd etilmagini haqida bayonot bermoqda. Sababi, tatbiq etilgan choralar natijasida aksar xitoyliklar oylab o‘z uylarini tark etmagan.

Bugun Yevropa aholisi salomatligi haqida qayg‘urmoqchi bo‘lsa, u holda yanada keskin choralarni ko‘rishi lozim.

COVID-19 qarshi malham vositalari qachon paydo bo‘ladi?

Bugun COVID-19 virusi dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi hayot tarzini o‘zgartirib yubordi va virusga qarshi malhamning yaratilishini ko‘pchilik istab qolmoqda. Agarda virusga qarshi vaksina yaratilsa, bu infeksiyaning oldini olishda yanada ijobiy qadam bo‘lardi.

Dunyo farmatsevtika kompaniyalari va tibbiyot olimlari bir qator virusga qarshi kurashda yordam beradigan vositalar ustida bosh qotirmoqda. Virusga qarshi kurash maydonida infeksiyalangan bemorlar bilan ish olib borayotgan shifokorlar samara berishiga umid qilgan holda virusga qarshi an’anaviy – malyariya kasalligida foydalaniladigan gidroksixloroxin va xloroxindan foydalanmoqda. Mazkur dori vositalarining virusga qarshi ehtimoliy ta’sirlarini o‘rganish borasida tadqiqotlar keng miqyosda boshlab yuborilgan.

Foto: Foreign Policy

Odatda biror-bir kasallikka qarshi malham topishga o‘n yillab vaqt kerak bo‘ladi. Virusga qarshi qo‘llanilayotgan dorilar esa samara bermay kelyapti. COVID-19 dan aziyat chekayotganlar safi 600-700 ming atrofida ekan, hozirda shifokorlar tasarrufida qanday dori vositalari qolmoqda, qanday dori vositalari kelajakda yaratiladi kabi savollarga javob olish nihoyatda zarur, deb yozadi The Statnews sayti.

Mavjud virusga qarshi dori vositalari: gidroksixloroxin va xloroxin

Gidroksixloroxin va xloroxin tibbiy dori vositasi ayni paytda ko‘plab klinikalarda Sars-CoV-2 infeksiyasini muolaja qilish va oldini olishda samarali vosita sifatida ishlatib kelinmoqda. San-Fransisko universiteti va Vashington universiteti klinikalarida gidroksixloroxin va xloroxin tibbiyot vakillari uchun infeksiyani da’volashdagi protokolga ham kiritildi.

Mazkur dorilar Fransiya va Xitoyda koronavirusga qarshi vosita sifatida ishlatildi, Yaponiyada esa favirapavir malhamidan foydalanildi. Ammo bu dorilar koronavirusdan samarali muolaja qilishda yordam beryaptimi degan savolning javobini topish, dorining natijaviyligini isbotlash bir necha oy vaqt talab qiladigan jarayon.

Remdesevir

Remdesevir malhami Gilead farm kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Dastlab u Ebola virusiga qarshi qo‘llanilganda kutilgan natijalarni bermadi. Hozirda mazkur dori vositasi COVID-19 virusiga qarshi preparat sifatida ishlatilmoqda. Remdesevir preparatining klinik tahlillari aprel oyida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Yaqinda Gilead kompaniyasi koronavirusga chalinganlar miqdori ko‘payishi ortidan mazkur dori vositasiga talab ortganini, shuning uchun ham preparat, eng avvalo, homilador ayollar va bolalarga berilishi lozimligini aytdi.

Virusdan sog‘ayganlarning qon plazmasi

Koronavirusga qarshi ishlatilishi mumkin, ammo bu kasallanganlarda qanday natija bermoqda? Klinik tadqiqotlar hozirda ayrim ijobiy natijalarni berayotgan bo‘lsa-da, yakuniy xulosa berish bir necha oylarni talab qiladi. Virusga qarshi kurashda sog‘aygan insonning qon plazmasidan foydalanish eski amaliyotlardan biri bo‘lsa-da, samarali usul. Chunki virusdan sog‘aygan insonning qon plazmasida antitana – organizmda antigenlarning paydo bo‘lishiga yordam beradi va kasallikning ta’sirini yo‘qotishga yordam beradigan jismlar bemorning immun tizimini himoya qila boshlaydi.

Xitoyda o‘nta bemorda o‘tkazilgan tadqiqot natijalarida qon plazmasini quyish ijobiy natija berdi va bemorlar o‘zlarini yaxshi his qila boshladi, virus esa yo‘qoldi.

Takeda farmatsevtik kompaniyasi antitanalar bilan boyitilgan qon plazmasini mukammalashtirishga doir izlanishlar olib boryapti va jurnalistlar uchun uyushtirgan matbuot anjumanida dori vositasi yaqin 18 oy mobaynida sotuvga chiqarilishi haqida ma’lumot berdi.

Artritga qarshi dori vositalari

Revmatoid artrit kabi avtoimmun kasalliklariga qarshi kurashda foydalaniladigan preparatlar inson immun tizimi zaiflashuviga olib kelsa-da, COVID-19 virusiga qarshi natija bergani hayratlanarli. COVID-19 bilan o‘g‘rigan bemorlar aksar holatlarda sitokin xurujini boshidan kechiradi va bu ularning tanasiga katta og‘riq beradi.

Roche kompaniyasining akterma dori vositasi saraton kasalligini da’volashda sitokin xurujini kamaytirishga qarshi qo‘llaniladigan vosita bo‘lsa-da, Xitoyda virusga chalingan 21 bemorda o‘tkazilgan tajribalarda akterma ularning isitmasini tushirishda va kislorodga talabini kamaytirishda yordam berdi.

Regeneron va Sanafi kompaniyalari ham kevzara malhamini virusga qarshi preparat sifatida ishlata boshladi. Kompaniya mas’ullari fikriga ko‘ra, preparatning isitma va kislorod borasidagi batafsil tahlillari aprel oylarida e’lon qilinadi. Akterma va kevzara ILL-6 immun tizimi oqsillariga qaratilgan sun’iy antitana malhami bo‘lib, asosan ukol yordamida tanaga yuboriladi. Malhamdan hozirda koronavirusga qarshi vosita sifatida foydalanishayotgan bo‘lsa-da, klinik tadqiqotlar natijasi yoz oylarida ochiqlanadi.

COVID-19 ga qarshi sun’iy  antitana

Tibbiyotda sun’iy antitanalar turli kasalliklarga qarshi muolajada keng qo‘llaniladi. Regeneron kompaniyasi sun’iy antijismlardan Ebola virusiga qarshi kurashda sezilarli muvaffaqiyatga erishdi. Ayni paytda kompaniya antijismlarni Sars-CoV-2 ga qarshi sinovlardan o‘tkazmoqda. Tahlillar natijasi sentabr yoki oktabr oylarida ma’lum qilinadi.

Klinik tadqiqotlar ijobiy natija bersa, mazkur preparat kuz oylariga kelib sotuvga chiqariladi va koronavirusdan zararlangan og‘ir ahvoldagi bemorlarni sog‘ayishiga yordam beradi. Kanadaning ElyLilly startapi, Biogen va Vir Biotechnology kabi kompaniyalar ham antitanalar ustida bosh qotirmoqda. Antitanalardan virusning profilaktikasi borasida ham qo‘llanilishi mumkinligi aytilayotgan bo‘lsa-da, klinik tadqiqotlar uchun ancha vaqt kerak bo‘ladi.

Virusga qarshi yangi preparatlar

Hozirda Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi Sars-CoV-2 virusiga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish borasida tadqiqotlarni boshlab yuborgan. Bu jarayon esa barcha ishni noldan boshlash kerak deganidir. Remdesevir kabi sinalgan usullardan biri topiladigan bo‘lsa, koronavirusga qarshi tibbiyot malhami topilishi jarayoni yanada tezlashishi mumkin. Tahlillar natijasi 2021-yilning bahorida kutilmoqda.

Vaksinalar

COVID-19 virusiga qarshi vaksinalarni yaratish tez amalga oshishi mumkin. Buning yo‘li hali tibbiyotda keng qo‘llanilmagan immunitet hosil qiluvchi protein hujayralarini yaratishga yordam beradigan informatsion ribonuklein kislotalaridan foydalanishdir.

Ayni paytda mazkur jarayon bilan Moderna, Pfizer va BioNTech kabi farmasevtik kompaniyalar ish olib bormoqda. Mazkur yondashuv asosida virusga qarshi vaksina topish 1-1,5 yilni o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqarish quvvatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, preparat yaratilgan taqdirda ham barchani vaksina bilan ta’minlash murakkab vazifaga aylanadi.

Virus bilan kasallanganlar soni ortib borar ekan, tibbiyot olimlari ham muntazam harakatda. Barcha yana avvalgidek hayot tarziga qaytishni xohlaydi. Ammo Takeda kompaniyasining vaksinalar ishlab chiqarishga mas’ul bo‘lgan xodimi Rajiv Venkaya aytganidek, “kompaniyalar virusga qarshi malham ishlab chiqardik deb aytishi ham mushkul, sababi vaksina yaratishga kirishish bu hali vaksina yaratiladi degani emas”.

Jahongir Ergashev tayyorladi.