Buyuk Britaniyada hukmron partiya vakillarini kasallantirgan eng birinchi bemorning Brexit bo‘yicha delegatsiyasi vakili fransiyalik siyosatchi Mishel Barnye bo‘lishi mumkin. Ushbu axborot Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning qayerdan koronavirus yuqtirib olganiga aniqlik kiritishni istagan jurnalistlar surishtiruvi natijasida ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail xabar qildi.

Mishel Barnye

Foto: Bloomberg

Barnye shubha ostiga olingan asosiy shaxs, sababi u 5-mart kuni Bryusselda Britaniya delegatsiyasi rahbari Devid Frost bilan muzokaralar olib borgan. Ertasiga Buyuk Britaniyada Frostning nafas yo‘llarida koronavirus belgilari kuzatilgani sabab o‘zini o‘zi karantinga olgani e’lon qilindi. Jonson atrofidagi kishilar orasida aynan Frost COVID-19 yuqtirib olgani birinchi amaldor bo‘lishi mumkin.

Frostdan keyin boshqa yuqori lavozimdagi britaniyalik amaldorlar, jumladan axloq masalalari bo‘yicha hukumat qo‘mitasi rahbari Helen Maknamara ham masofadan turib ishlashga o‘tdi. Keyinroq bosh vazirning ham koronavirus yuqtirib olgani ma’lum qilindi. Jonson vaqtinchalik karantinda ekaniga qaramay o‘z vakolatlarini tashqi ishlar vaziri Dominik Raabuga topshirmoqchi emas.

23-mart kuni Boris Jonson mamlakat miqyosida karantin e’lon qilgan. Britaniyaliklarga faqat birlamchi asosiy mahsulotlar olish, kunda bir mahal sport bilan shug‘ullanish, tibbiy ehtiyojlar va zaruriyatga ko‘ra ishga borish uchun ko‘chaga chiqishga ruxsat etilgan. Shuningdek, qirollikda ikki nafardan ortiq odamning o‘zaro yig‘ilib suhbatlashishi taqiqlab qo‘yilgan.

AQShning Jon Hopkins universiteti loyihasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada koronavirus yuqtirib olish bo‘yicha 19,7 mingta holat ro‘yxatga olingan, 1,2 mingdan ziyod kishi kasallik oqibatida vafot etgan.