Ko‘pchilikning tushunchasida zamonaviy jamiyat ichida keng tarqalgan va hech qanday ilmiy asosga ega bo‘lmagan irqiy mansublikka oid shakllanib qolgan bir necha stereotiplar mavjud. BBC’ning ilmiy-ommabop materiallar ruknida bo‘lmag‘ur miflarga qarama-qarshi qo‘yiluvchi beshta fakt haqida e’lon qilingan maqolani “Daryo” tarjima ko‘rinishida diqqatingizga havola etadi.

Foto: Google Photos

Odamlarda turli manbalar, asosan, mahalliy-madaniy o‘tmish, shaxsiy kuzatishlar va boshqa omillar ta’sirida shakllanib qolgan irqiy mansublikka oid g‘aliz qarashlar — miflar mavjud. Bunday tushunchalarning ilmiy asosga ega emasligi va ayniqsa, genetika fani isbotlagan ilmiy faktlarga zid ekanidan esa o‘sha odamlar bexabar bo‘ladi.

Masalan, deyarli hammamiz eshitgan va tushunchalarimizga singib qolgan shunday miflar bor: yahudiylar pul topishni yaxshiroq biladi yoki qora tanlilar musiqiy ritmni yaxshiroq his qiladi yoxud Osiyo irqiga mansub odamlar matematikani yaxshiroq tushunadi va hokazo.

1-mif. Qora tanli va oq tanli odamlarda DNK bir-biridan katta farq qiladi

Unday emas! Qora tanlilarda, shunchaki, teridagi melanin pigmenti ko‘proq xolos. Melanin teridagi asosiy pigment bo‘lib, u odamlarni Quyosh nurlaridan himoya qiladi. Melanin Quyoshdan to‘g‘ridan to‘g‘ri yetib kelayotgan ultrabinafsha nurlarini tutib qoladi. Agar terida shu funksiya bajarilmasa, ultrabinafsha nurlari organizmdagi foliy kislotasi (vitamin B9)ni parchalab tashlaydi. Bu vitamin organizmdagi eng asosiy vitaminlardan biridir.

Organizmda melanin ishlab chiqarilishiga sabab bo‘luvchi biokimyoviy reaksiyalarda ko‘plab genlar ishtirok etadi. Genlarning tabiiy xilma-xilligi odamlardagi tana terisi rangini belgilaydi. Shunga ko‘ra, odam irqlari ichida qora va oq tanlilar genetikasida bu jihatdan hech qanday farq yo‘q.

Birinchidan, dunyodagi barcha odamlarda DNK deyarli bir xil. Barcha irqdagi odamlarning o‘zaro genetik tafovuti juda kam. Bu faktning asosi shundaki, bashariyat Afrikadagi umumiy ajdoddan tarqalgan. Boshqa tarafdan yana bir narsani aytish mumkinki, Afrika qit’asidagi turli xalqlarga mansub qora tanli odamlarning o‘zidagi genetik tafovutlar, qora tanli odamlarning dunyoning istalgan boshqa yeridagi oq tanli odam bilan genetik tafovutidan ko‘ra ko‘proqdir!

Masalan, Janubiy Afrika Respublikasida yashovchi ikkita qo‘shni qabiladagi qora tanli odamlarning genetik tafovuti hind yoki rus odami genetik tafovutidan ko‘ra kattaroq bo‘lishi mumkin. Shunga ko‘ra, odamlarni terisi rangiga ko‘ra, qora, oq yoki qizil tanli deyish — bu ularni faqat tashqi omillarga ko‘ra farqlashdan boshqa narsa emas. Teri rangi, odamning genetik o‘xshashligi yoki farqiga nisbatan hech qanday ishora berolmaydi!

2-mif. “Toza irq” mavjud

Ba’zi xalq yoki elatlarning madaniy va geografik jihatdan uzoq vaqt izolyatsiyada qolib ketgani tufayli ular boshqalardan genetik farqqa ega bo‘lib qolgandek tuyuladi va bu farqni endi inkor qilib bo‘lmaydi, deyiladi. Lekin tarix va genetika fanlari mutlaqo bunday deb hisoblamaydi. Tarix shundayki, biror-bir xalqning bir joyda shu darajada uzoq izolyatsiyalanib qolishi yuz bermagan. Hech bir xalq mutlaq turg‘un hayot kechirmagan.

Bashariyat taraqqiyoti — dinamik jarayon va butun tarix davomida xalqlar joydan joyga ko‘chib, o‘zaro aralashib borgan. Ba’zan bunday ko‘chishlar va aralashishlar juda qisqa vaqt ichida, yalpi miqyosda va yoppasiga sodir bo‘lgan. Ba’zan, muayyan xalqlar bir hududda bir necha o‘n yillab turg‘un yashagani uchun ularda o‘ziga xos geografik va madaniy mansublik yuzaga kelgandek tuyuladi.

Foto: Google Photos

Shunga qaramay, “irqiy tozalik”ka da’vo qilayotgan istalgan odamning shajarasi surishtirilsa, uning biror ajdodi Afrikadan yoki Yaqin Sharqdan bo‘lib chiqadi. Istalgan oriy irq da’vogarining kelib chiqishi Hindistondan, Uzoq Sharqdan hamda Afrikadan bo‘lgan ajdodi mavjud. Shunga ko‘ra, “irqiy tozalik” — bu odamlar o‘zi o‘ylab topgan fantaziyadan boshqa narsa emas. Hech bir odamning “qoni toza” deb aytib bo‘lmaydi. Hammaning qonida juda ko‘plab xalqlarga mansublikka ishora qiluvchi aralash qon oqmoqda.

3-mif. Angliya — inglizlar uchun!

Zamonaviy dunyoda muhojirlik shu qadar keng yoyildiki, ko‘plab mamlakatlar hududida boshqa davlatlardan kelib yashayotgan migrantlarni uchratish mumkin. Shu sababli, mazkur mamlakatlarning mahalliy aholisida ba’zida muhojirlarga nisbatan murosasizlikka duch kelinadi. Afsuski, so‘nggi yillarda ro‘y bergan bir necha siyosiy inqirozlardan keyin dunyo bo‘ylab muhojirlar oqimi keskin ko‘paydi va ularga nisbatan bunday yoqimsiz munosabat ham yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.

Masalan, 2020-yilning 19-fevralida Germaniyaning Xanau shahrida ultra-o‘ngchilar vakillari migrantlarga qarata o‘t ochdi. Uni uyishtirgan radikal ultra-o‘ngchi kimsa irqchilik va millatchilik kayfiyatidagi nemis fuqarosi bo‘lib, migrantlarni mamlakatdan haydash tarafdori edi.

Odatda, bunday millatchilarning “Germaniya — nemislar uchun!” yoki “Fransiya — fransuzlar uchun!” qabilidagi umumiy bir chaqirig‘i bo‘ladi. Bunday kimsalar og‘zidan, odatda, muhojirlar “uyingga jo‘na!”, “tuyog‘ingni shiqillat!” qabilidagi og‘ir gaplarni eshitib yuradi.

Aslini olganda, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Italiya singari mamlakatlarda migratsiya har doim mavjud bo‘lgan. Boshqa istalgan mamlakatlarda ham migratsiya jarayoni to‘xtovsiz ro‘y berib turgan. Masalan, Britaniya orollari bundan 7 500 yil muqaddam, qit’adan ajralgan paytdan beri muttasil ravishda migrantlarga duch keladi.

1066-yilda britan orollarini normannlar egallab olishidan avvalroq u yerga vikinglar, angllar, sakslar, xunnlar va boshqa xalqlar borib o‘rnashdi. Ulargacha ham orollarni rimliklar boshqargan edi. Albatta, rimliklar o‘zi ham qandaydir “qoni toza” millat bo‘lmagan, balki Sahroi Kabirdan tortib Yaqin Sharqqacha bo‘lgan butun boshli O‘rta Yer dengizi bo‘yi hududlari aholisidan iborat xalq bo‘lgan.

Ulardan ham avval, taxminan, 4 500 yil muqaddam esa Britaniyada u yerga hali quruqlik orqali o‘tib olgan, asosan, hozirgi Niderlandiya hududidan kirib kelgan mayda dehqonchilik qabilalari yashagan. DNK tahlillariga ko‘ra, o‘sha paytdagi Britaniya aholisining terisi xiyol jigarrang, ko‘zlari va sochlari esa qora rangda bo‘lgan. Ulardan oldin esa bu yerlarda butunlay qora tanli aholi yashagan va ular, asosan, terib-termachilab hayot kechirgan. Shu sababli ham “Angliya — inglizlar uchun!” singari radikal iboralarni qichqirayotganlar aynan qaysi inglizlarni aytishayotganini o‘ylab ko‘rishi kerak.

4-mif. Odamning “qoni toza” ekanini DNK-test orqali aniqlasa bo‘ladi

Odamlar o‘z shajarasi tarixi bilan qiziqadi. Bu borada, ayniqsa, irqchi va millatchi odamlar ko‘proq “o‘ralashishadi”. Bunday odamlar DNK-testlar xarid qilib, o‘zlarining 100 foiz qoni toza odam ekanini isbotlashga urinadi. Lekin bu mantiq falaj mantiqdir.

Foto: Google Photos

DNK-testlar oila tarixi va shajara haqida sizga nimadir qiziq narsa so‘zlab berishi mumkin. Bu qarindoshchilikni aniqlashda, misol uchun, yo‘qolib qolgan aka-ukalarni topishda yordam berishda qo‘l keladi. Shuningdek, otalikni aniqlashda va bolaning biologik ota-onasini topishda yordam beradi.

Lekin bu borada tabiatning o‘zi tomonidan belgilab qo‘yilgan aniq cheklovlar ham mavjud. Gap shundaki, vaqt o‘tishi bilan avlodlar DNKsida uzoq o‘tmishdagi ajdodlarning belgilari asta-sekinlik bilan yo‘qolib boradi. Bir necha avloddan keyin, masalan, chevarangizning chevarasida sizdagi genetik belgilar umuman yo‘qolib ketishi tayin. Avlodlar dovoni osha bunday yo‘qotilgan genetik belgilar ham ortib boradi va aksincha, avlodlar o‘ziga xos bo‘lgan boshqa belgilarga ega bo‘lib boradi.

Irsiyat fani shuni ta’kidlaydiki, odamda ajdodlari genining faqat yarmisigina saqlanib kelar ekan va bu ham uzog‘i bilan o‘n birinchi ajdodning genini o‘zida tutar ekan xolos. Shunga ko‘ra, sizning hatto nisbatan yaqin o‘tmishda — atigi XVII asrda yashab o‘tgan bobokaloningiz bilan ham irsiy qarindoshligingiz topilmay qolish ehtimoli bor. Ya’ni u bilan sizning o‘xshashligingiz istalgan boshqa begona odam bilan o‘xshashligingizdan ko‘ra ko‘proq bo‘lmaydi.

5-mif. Qora tanlilar yaxshiroq yuguradi

Bu mif so‘nggi olimpiada ko‘rsatkichlari tufayli yuzaga keldi. Haqiqatan ham, olimpiadada oxirgi marta oq tanli sportchi 100 metrga yugurish musobaqasini yutganiga bu yil 40 yil to‘ladi. So‘nggi marta 1980-yilgi olimpiadada britaniyalik Allan Uells bu yo‘nalishda oltin medal olgan edi.

O‘shandan beri barcha musobaqalarda faqat qora tanli sportchilar bu shohsupani egallab kelyapti va hech kimga bermayapti. Shu sababli ham qora tanli kishilarning irqiy mansubligi bu borada ustunlik bermoqda, degan yanglish fikr odamlarda shakllanib ulgurdi. Biroq yugurish musobaqasida g‘olib chiqish uchun irqiy mansublikdan ko‘ra, fiziologik va jismoniy o‘ziga xosliklar kattaroq ahamiyat kasb etadi.

Bunda yurak faoliyati samaradorligi, o‘pka hajmi, organizmda kislorodning yutilishi ko‘rsatkichi va mushaklarning tiklanish jarayoni asosiy hisoblanadi. Bularning barchasini esa toblanish, chiniqish va rejali jismoniy tayyorgarlik orqali istalgan millat va irqqa mansub odamda shakllantirish mumkin.

Bunday ko‘rsatkichlar, ayniqsa, fiziologik parametrlar odam genetikasi asosida yaxshi o‘rganilgan va sportchilarni tayyorlashda bunday tadqiqot natijalaridan foydalanib kelinmoqda. Lekin sportda o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan abjirlik, ziyraklik, to‘g‘ri koordinatsiya singari jihatlar mavjudki, ularning genetik-fiziologik aloqasi borasida olimlarda tayinli tushunchaning o‘zi yo‘q.

Sportda juda muhim bo‘lgan yana bir jihat — psixologik barqarorlik degan narsa bor. Masalan, qat’iyat, diqqatni jamlay bilish, iroda, tavakkalchilikka bora olish singarilardir. Bularni ham odamning irqiy va irsiy mansubligi bilan aloqasi yo‘q va u kishining qanday tarbiya ko‘rganidan kelib chiqadigan fazilati bo‘ladi.

Qora tanlilarning yugurish musobaqalarida yaxshiroq natija qayd etayotganiga qaytadigan bo‘lsak, olimlarda bu borada ACTN3 nomli genning ahamiyati bo‘lishi mumkin, degan fikr mavjud edi. Lekin tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bunday genning qora tanli va oq tanli sportchilardagi uchrash ehtimoli atigi 16 foiz farqqa ega ekan xolos. Bu qora tanlilarning nima uchun oxirgi paytda sprint poygalarida va yugurish musobaqalardagi ilg‘orroq natijalar qayd etayotganiga tayinli izoh bo‘lolmaydi.

Agar 16 foiz farq ularga ustunlik beryapti, deb xulosa qilishga shoshilayotgan bo‘lsangiz, xato qilasiz. Bu qora tanli sportchilarning ustunligini ifodalasa, unda dunyoda hech bo‘lmasa, har 5 nafar qora tanli eng kuchli sportchiga proporsional miqdorda, kamida bir nafardan unga teng kuchli oq tanli raqib to‘g‘ri kelishi kerak edi. Lekin oq tanli kuchli sportchilar ham bundan ko‘p va mif ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Muzaffar Qosimov tayyorladi