Koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan 145-bemor ikkinchi vafot etgan erkakning 14 yoshli jiyani. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati rahbari Furqat Sanayev xabar berdi.

Furqat Sanayevning ma’lum qilishicha, bemor Qarshi shahrida joylashgan Qashqadaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Bemorning holati o‘rta og‘ir darajada. Shuningdek, bemorning yaqinlari va boshqa fuqarolar salomatligi ham qat’iy nazoratga olingan.

Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nuriddin Egamov “Daryo”ga ma’lum qilishicha, qashqadaryolik bemor viloyatning Chiroqchi tumanidan. U ota-onasi bilan 16—21-mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib, 20—21-mart kunlari qarindoshi — koronavirusdan vafot etgan ikkinchi bemornikida bo‘lgan.

“Bemorning ota-onasi va u bilan muloqotda bo‘lganlar karantinga olindi. Uning ota-onasida kasallik aniqlanmadi”, – deydi Nuriddin Egamov.

Qo‘shimcha qilinishicha, bemor poytaxtga borib-kelishda shaxsiy avtomobildan foydalangan. Biroq viloyatga qaytgach, bemor bilan ko‘pchilikni muloqotda bo‘lgan. Shu sabab boshqarma aholini imkon qadar ko‘chaga chiqmaslikka chaqirmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 145 nafarga yetgani haqida xabar berilgandi.