Moskva shahrining barcha aholisi uchun, yoshidan qat’i nazar 30-martdan boshlab uy sharoitida o‘zini o‘zi izolyatsiyalash rejimi joriy etiladi. Bu haqda Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyaninga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: New Retail

Ta’kidlanishicha, quyidagi hollarda kvartiradan chiqishga ruxsat beriladi:

  • Tez tibbiy yordamga murojaat qilish yoki hayot va sog‘liq uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘diruvchi boshqa biror xatar tug‘ilganida;
  • Ishga qatnash uchun;
  • Yaqin atrofda joylashgan dorixona yoki do‘kondan xaridlarni amalga oshirish uchun;
  • Uy hayvonlarini ko‘chada sayr qildirish uchun, bunda yashash joyidan 100 metrdan uzoqlashib ketmaslik lozim;
  • Chiqindilarni olib chiqib tashlash uchun.

Bundan tashqari, ish joyida bo‘lishi lozim bo‘lgan moskvaliklar ishga qatnashlari mumkin.

Ko‘chalarda yoki transport vositalarida harakatlanganida odamlar bir-biridan 1,5 metr oraliq masofani saqlashlari kerak. Taksilar bundan istisno.

Yaqin kunlardan boshlab ko‘chaga faqat maxsus ruxsatnoma bilan chiqish mumkin bo‘ladi. U Moskva hukumati tomonidan belgilangan tartibga ko‘ra, poytaxt aholisiga tarqatiladi.

“Yaqin haftalar ichida uy rejimiga rioya qilinayotganini va fuqarolarning harakatlanishini nazorat etuvchi aqlli rejim ishga tushiriladi. Asta-sekin, lekin barqaror ravishda biz ushbu vaziyat uchun zarur bo‘lgan nazoratni kuchaytiramiz”, — deydi Sergey Sobyanin.

Ta’kidlanishicha, uy rejimida izolyatsiyalanish fuqarolarning Moskvaga kelish yoki shahardan ketish huquqlarini cheklamaydi.

Shuningdek, shahar meri koronavirus sabab ish joyidan ayrilgan moskvaliklarga kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida buyruq bergan. Imtiyozlar va yangi to‘lovlarning umumiy miqdori oyiga 19,5 ming rublni tashkil etadi. Pullar to‘lash arizasiz, avtomatik tarzda belgilanadi.

Avvalroq Rossiyada koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 1534 kishiga yetgani haqida xabar berilgandi. Mamlakatda epidemiya boshlanganidan beri koronavirusdan tuzalganlar soni 64 kishini tashkil etmoqda. O‘zbekistonda esa koronavirus bilan kasallanganlar soni 144 kishiga yetdi, yetti kishi sog‘aygan.