Qozog‘istonning Olmaota viloyatida ikki nafar ayolning koronavirus yuqtirib olgani yuzasidan tafsilotlar ma’lum qilindi. Bu haqda Olmaota viloyati hokimi matbuot xizmatiga tayanib, Tengrinews xabar qilgan.

Xabarga ko‘ra, ikki holat viloyatning ikkita tumanida kuzatilgan.

Birinchi holat Qorasaroy tumanining Kemerto‘g‘on qishlog‘ida yashovchi 1979-yilda tug‘ilgan ayolda kuzatilgan. Ayol Qorasaroy tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. U bilan muloqot qilgan 8 nafar fuqaro, jumladan, ayolning turmush o‘rtog‘i, farzandi ham karantinga olingan.

Ikkinchi holat Yenbekshiqozoq tumanida qayd etilgan. 1960-yilda tug‘ilgan ayol qarindoshlari bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida bo‘lib o‘tgan to‘yda ishtirok etgan. Barcha 14 nafar shaxs O‘zbekistondan 26-mart, payshanba kuni, Yesik shahriga qaytgan. Ular 27-mart, juma kuni, statsionar kasalxonada izolyatsiya qilingan. Karantin davomida barcha “to‘ychilar”dan qon tahlili olingan. Tahlillar ayolda koronavirus infeksiyasi borligini ko‘rsatgan. 60 yoshli ayol ham Qorasaroy tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Avval Qozog‘istonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 191 kishiga yetgani, Nur-Sulton shahri aholisi daryo bo‘yiga uyi yo‘qlar uchun mahsulotlar to‘ldirilgan paketlar tashlab ketayotgani haqida xabarlar berilgan.