Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko koronavirus tufayli vafot etgan 75 yoshli aktyor Viktor Dashkevichning o‘limi haqida izoh berdi. Bu haqda “BelTA” axborot agentligi xabar bergan.

Aleksandr Lukashenko.

Foto: “BelTA”

Lukashenko Dashkevichda kasallik alomatlari kuzatilganini qayd etdi.

“Aktyorning rafiqasi, qizi sog‘lom. Sababi ularning immuniteti kuchli. Bechora Viktor esa dosh bera olmadi. Og‘ir pnevmoniya bilan kasalxonaga olib kelindi, sun’iy nafas berish apparatida yotdi, shifokorlar uni qutqarishga harakat qilishdi”, — degan Lukashenko.

Viktor Dashkevichning o‘limi haqida 31-mart kuni e’lon qilingan. Belarus OAV aktyorning koronavirusdan vafot etgan mamlakatdagi birinchi mashxur shaxs ekani haqida yozmoqda. Belarus Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu ma’lumotni rasman tasdiqlagani yo‘q.

Viktor Dashkevich Vitebskdagi Yakub Kolas nomidagi teatrda ishlagan, u Belarus Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga ega edi.

Dashkevichda koronavirus borligi 26-martda tasdiqlangan. Aktyorning rafiqasi unda nafas yo‘llarining surunkali obstruktiv kasalligi bo‘lganini aytmoqda.

30-mart holatiga ko‘ra, Belarusda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bo‘yicha jami 152 ta holat aniqlangan.