Koronavirus pandemiyasi butun dunyodagi insonlarning yashash tarzi va faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Aksariyat mamlakat nafaqat zavod va korxonalarni, balki maktab va boshqa ta’lim muassasalarini yopgan. Buning fonida masofadan turib dars qilish imkonini beradigan dasturlar mashhurlikka erishmoqda. Bu kabi dasturlar orasida Google Classroom ham bor bo‘lib, mazkur dastur 50 million martadan ortiq ko‘chirib olingan, deb xabar beradi 3DNews.

Kadr: YouTube

Google Classroom dasturi — maktab darslariga mo‘ljallangan tekin servis — anchadan buyon mavjud. Oldinlari u qadar mashhurlikka erishmagan mazkur dastur koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga kelgan cheklovlar paytida ommalashmoqda. Mashhur mobil dasturlarni kuzatishga mo‘ljallangan AppBrain servisi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida Google Classroom eng mashhur ta’lim dasturlarining Top-100 taligiga ham kirmagan. Biroq 10-martga kelib dastur AQSh hududidagi eng mashhur ta’lim dasturlari beshligiga kirib olgan. Shuningdek, Google Classroom Kanada, Meksika, Finlyandiya, Italiya, Polsha va Indoneziyada ham mashhurlikka erishmoqda.

Ta’kidlanishicha, dastur Play Store’dan 50 million marotabadan ortiq yuklab olingan. iOS qurilmalari uchun Google Classroom necha marotaba ko‘chirib olingani noma’lum, biroq Apple qurilmalaridan foydalanuvchilar orasida ham dastur mashhurlikka erishayotgani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi ortidan barcha ta’lim muassasalari karantin uchun yopilgan. Karantin vaqtida maktab o‘quvchilari uchun telekanallar orqali videodarslar namoyish etilishi ma’lum qilingan edi. Xususan, Buxoroda karantin sabab yurtiga qaytolmagan xorijlik talabalar uchun onlayn darslar boshlandi.