Yakunlanayotgan mart oyi, shubhasiz, COVID-19 atrofidagi voqealar bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Bugun kasallik qarshisida butun dunyo ojiz qolmoqda, butun dunyo karantin rejimida. Oy qanday boshlandi-yu, uni qanday yakunlayapmiz? Quyida yuz bergan voqealarning ba’zilarini tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.

Dunyoda koronavirus

Fevral oyidan boshlab Yevropada avj olib ketgan koronavirus kasalligi mart oyidan butun dunyoni qamrab ola boshladi. Italiya kasallikning yangi o‘chog‘iga aylandi. JSST kasallik epidemiyadan pandemiyaga o‘tganini aytdi. Har bir aniqlangan holat ortidan kuzatish imkonsiz bo‘lib qoldi. Dastlab mamlakat shimolida kasallik aniqlangan bo‘lsa, keyinchalik u butun mamlakat bo‘ylab tarqala boshladi.

Foto: Google Photos

Ana shunday sharoitda Italiya 9-mart kunidan boshlab mamlakatda yoppasiga karantin rejimini joriy qildi. Butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etildi, odamlarning ko‘chaga faqat oziq-ovqat va tibbiy xizmat uchun chiqishiga ruxsat berildi. Zaruratsiz ko‘chaga chiqish taqiqlab qo‘yildi. Bugungi kunda Italiya dunyoda koronavirusdan vafot etganlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. 30-mart holatiga ko‘ra, Italiyada COVID-19 kasalligi bo‘yicha 97 mingdan oshiq holat qayd etildi. Ulardan 10 ming nafardan ortig‘i vafot etgan bo‘lsa, 13 mingdan ortig‘i tuzalib ketdi.

Fevral oyida Italiya, Janubiy Koreya va Eronda yangi turdagi koronavirus kasalligini yuqtirish bo‘yicha holatlar ko‘paygan bo‘lsa, mart oyi boshidan Italiyaga qo‘shni Fransiya, Ispaniya, Germaniya, bundan tashqari AQSh kabi davlatlarda vaziyat taranglashib ketdi. 13-martdan boshlab Fransiya hukumati mamlakatda barcha ta’lim muassasalari, 14-martdan barcha savdo binolari yopildi, 17-martdan mamlakat ommaviy karantinga olindi.

Karantin rejimini nazorat qilishda armiya va politsiya jalb etildi. Odamlar uylarida qolishlari qat’iy ta’kidlandi. 24-mart kuni esa karantin muddati 15-aprelgacha uzaytirilishi e’lon qilindi. 30-mart holatiga ko‘ra, mamlakatda ushbu kasallikni yuqtirganlar soni 40 mingdan oshgan bo‘lsa, shundan 2 600 dan ortig‘i o‘lim bilan yakunlandi. 7 mingdan ortiq bemor tuzalib ketdi.

Umuman olganda, mart oyida dunyoda sanoqligina davlatlardan tashqari barcha davlatlarda koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etildi. Kasallanganlar soni bo‘yicha 27-mart kuni AQSh Xitoydan o‘zib ketdi. Mamlakat boshqa davlatlar singari karantin rejimida qolmoqda. Kasallangan fuqarolar soni 30-mart holati bo‘yicha 142 mingdan oshiqni tashkil etadi. O‘lim soni esa Italiya, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Eron kabi davlatlarnikiga qaraganda birmuncha pastroq.

Foto: Google Photos

Mamlakatda 2 500 ga yaqin kishi vafot etdi. Dunyoda COVID-19 kasalligi bilan vafot etgan kasallar soni bo‘yicha Italiya (10 779) yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Ispaniya (6 803), Xitoy (3 304), Eron (2 640) va Fransiya (2 606) bormoqda. Ba’zi tahlilchilar Xitoy va Erondagi raqamlar amaldagidan ancha pasaytirib ko‘rsatilganiga e’tibor qaratmoqda. Buning sababi ulardagi mavjud siyosiy boshqaruv tizimining avtokratiyaga moyil ekanidir.

Buyuk Britaniyadagi holat Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda yaxshiroq. Bugungi kunda mamlakatda kasallikka chalingan fuqarolarning umumiy soni 20 mingga yaqin. Shundan 1 200 dan ortiq kishi vafot etgan bo‘lsa, 135 tasi tuzaldi.

27-mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson koronavirus yuqtirib olganini Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qilgan. “So‘nggi 24 soat ichida menda yengil simptomlar sezildi. Koronavirusga topshirgan testimning natijasi ijobiy chiqdi”, — degan u va videomurojaati yakunida barchani uyda qolishga chaqirgan.

Mart oyiga kelib Janubiy Koreya va Xitoydagi holat yaxshilandi. Xitoyda kasallanganlarning aksariyat qismi tuzalib ketdi. 29-mart kuni Xitoy o‘z hududida epidemiya to‘liq bartaraf etilganini ma’lum qildi. Kasallik ilk tarqagan Uxan shahrida esa metro harakati qisman qayta tiklandi.

Hozirda bu davlatda kasallar soni 2 400 dan ortiq kishini tashkil qilmoqda. Kasallar soni kun sayin kamayib bormoqda. Kasallik yuqtirganlarning umumiy soni 81 mingdan oshdi. Ulardan 75 mingdan ortig‘i tuzalib ketdi.

Markaziy Osiyo va Rossiyada nima gap?

Kasallik tarqalgan Xitoyga geografik jihatdan ancha yaqin bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlariga kasallik nisbatan kech kirib keldi. Fevral oyida Afg‘onistonda ilk holatlar qayd etilgan edi. Mart oyida esa mintaqaning yana to‘rt davlatida kasallik bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Jumladan, Mo‘g‘ulistonda ilk holat 10-mart kuni yuzaga chiqdi. Birinchi kasal Mo‘g‘ulistonda mehnat qiladigan Fransiya vatandoshi bo‘lgan.

Foto: Google Photos

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirining so‘zlariga ko‘ra, u mamlakatda amalda bo‘lgan 14 kunlik karantin rejimiga rioya qilmagan. Shundan so‘ng mamlakatda 6 kunlik karantin holati e’lon qilindi. 30-mart holatiga ko‘ra, 3 millionlik aholiga ega Mo‘g‘ulistonda ushbu kasallikni yuqtirib olganlar soni 12 tani tashkil qilmoqda.

Navbat Qozog‘istonga keldi. 13-mart kuni Germaniyadan qaytgan ikki nafar qozog‘istonlikda COVID-19 kasalligi borligi aniqlandi va ular zudlik bilan Olmaotadagi shifoxonaga yotqizildi. Mamlakat pandemiya bilan bog‘liq vaziyat tufayli barcha ommaviy tadbirlarni bekor qilgan edi. Shundan so‘ng, Qozog‘iston hukumati mamlakat chegaralarini yopdi, xalqaro havo qatnovlarini bekor qildi.

Mamlakatda 16-martdan 15-aprelgacha favqulodda holat joriy etildi. Olmaota va Nursulton shaharlari karantinga olindi. 30-mart holatiga ko‘ra, mamlakatda kasallanganlar soni 293 tani tashkil qilmoqda. 26-mart kuni COVID-19 virusini yuqtirgan bir nafar bemor vafot etgani xabar qilindi. Tuzalganlar esa 20 tani tashkil qilmoqda.

18-mart kuni Qirg‘iziston Resublikasi So‘zoq tumanida Umra safaridan qaytgan uch nafar fuqaroda koronavirus kasalligi aniqlandi. Umradan qaytgan jami sakkiz nafar kishi shifokorlar nazoratida bo‘ldi. Mamlakat 16-martdan boshlab barcha ta’lim muassasalarini yopdi va uch haftalik karantin e’lon qildi.

12-mart kuni 2020-yil 1-martdan boshlab so‘nggi 30 kun ichida COVID-19 koronavirusi bilan kasallanishning o‘sishi va uning tarqalishi kuzatilayotgan davlatlarga borgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi yo‘q shaxslarning Qirg‘iziston davlat chegarisidan o‘tkazish punktlari orqali ushbu mamlakatga kirishi uchun vaqtinchalik cheklovlar joriy qilingan edi. Cheklovlar mamlakat hukumati qarori asosida amalga kiritildi. Qirg‘izistonda 30-mart holatiga ko‘ra, kasallangan fuqarolar soni 84 tani tashkil qilmoqda. Vafot etganlar yo‘q.

Foto: Google Photos

Mintaqaga bevosita ta’siri bo‘lgan va ko‘pchilik Markaziy Osiyo aholisi mehnat qiladigan Rossiya Federatsiyasidagi holat ham bizni befarq qoldirmaydi. 29-mart kuni Rossiya COVID-19 ni davolashda foydalanish mumkin bo‘lgan preparat nomini ma’lum qildi. Tibbiyotda bezgak (malyariya) kasalligini davolashda ishlatiladigan mefloxin dori vositasi COVID-19 infeksiyasi bilan kurashishda foydalaniladi. Bu haqda rossiyalik shifokor, biologiya fanlari nomzodi Ancha Baranova ma’lum qildi.

Poytaxt Moskva esa 30-martdan boshlab karantinga olindi. Aholi o‘z uyida izolyatsiyaga olinishi belgilandi. Shahar meriyasi esa koronavirus sabab ishsiz qolgan aholiga 19,5 ming rubldan kompensatsiya to‘lanishini ma’lum qildi.

Geografik jihatdan eng yirik bo‘lgan Rossiyada kasallanganlar soni 30-mart holati bo‘yicha 1 534 tani tashkil etdi. Shulardan sakkiz nafari vafot etgan bo‘lsa, 64 nafari tuzaldi. Kasal holatda qolayotgan bemorlar soni esa 1 462 tani tashkil qilmoqda.

26-mart kuni G20 mamlakatlarining navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tdi. Qayd etilishicha, G20 sammiti videoaloqa shaklida o‘tkazildi. Sammit natijalari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilingan bo‘lib, “Katta yigirmatalik” davlatlari koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozni yechish uchun 5 trillion dollar ajratishga kelishdi. Konferensiya davomida so‘zga chiqqan Rossiya prezidenti Vladimir Putin dori-darmon, oziq-ovqat, asbob-uskunalar va texnologiyalarni o‘zaro yetkazib berish uchun savdo urushlari va  xalqaro sanksiyalardan voz kechishni taklif qildi.

Markaziy Osiyoning Turkmaniston va Tojikiston davlatlarida koronavirus bilan bog‘liq holat hozirgacha qayd etilmadi. Ikkala davlatda ham pandemik holat bo‘lishiga qaramay, Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlandi. Turkmanistonda OAV va rasmiylarning koronavirus haqida gapirishi taqiqlab qo‘yildi.

O‘zbekistonda koronavirusni qanday kutib olishdi?

O‘zbekiston tarixida 2020-yil 15-mart sanasini uzoq vaqtgacha unutishmasa kerak. Sababi, aynan shu kuni O‘zbekiston hududida koronavirus kasalligi bilan bog‘liq ilk holat aniqlangani e’lon qilindi. Bemor 11-mart kuni Fransiyadan qaytgan O‘zbekiston fuqarosi ekani aytildi.

Foto: “Daryo”

Har xil yolg‘on ma’lumotlarning tarqalib ketishi, aholi orasida vahima tarqalishining oldini olish maqsadida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida Koronavirus Info kanali ishga tushirildi. O‘zbekistonda kasallik haqidagi barcha rasmiy ma’lumotlar ushbu kanalda berib borilmoqda.

O‘zbekiston hukumati 16-martdan boshlab barcha yo‘nalishlardagi aviaqatnovlarni bekor qildi. Temiryo‘l orqali kirib keladigan poyezdlar uchun uch kunlik muhlat berildi. Mamlakatda barcha ommaviy tadbirlar, bayram dasturlari, konsertlar, diniy tadbirlar, to‘ylar o‘tkazilishi bekor qilindi. Barcha ta’lim muassasalari ta’tilga chiqarildi. Viloyatlardan poytaxtda o‘qiydigan talabalar o‘z uylariga qaytarildi.

Xorijda qolayotgan O‘zbekiston vatandoshlarini ortga qaytarish bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi. Mart oyining boshlarida kasallikning yangi o‘choqlaridan biri Janubiy Koreyaning Seul shahridan o‘zbekistonliklarni olib kelish bo‘yicha charter reys amalga oshirildi.

Shuningdek, yana bir qator xorij davlatlarida qolayotgan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelinib, maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalarida 14 kunlik karantinga olindi. Kasallik kirib kelishining oldini olish maqsadida 4-mart kuni O‘zbekistonga 14 ta davlatdan kelgan xorij fuqarolarini karantinga olish haqidagi qaror e’lon qilindi.

COVID-19 kasalligi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygani sari qo‘shimcha choralar ham ko‘rildi. Jumladan, 25-martdan boshlab ko‘chaga himoya niqobisiz chiqqan fuqarolar jarimaga tortila boshlandi.

Foto: Google Photos

Shuningdek, dastlab Toshkent shahri yopilgan bo‘lsa, uning ortidan birin-ketin boshqa shaharlar ham yopila boshladi. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi keng miqyosda tarqalishining oldini olish maqsadida 27-mart, juma kuni, soat 10:00 dan boshlab viloyatlararo yo‘nalishlarda barcha turdagi avtotransport vositalarining harakatlanishi to‘xtatildi.

Koronavirusga chalinganlarni davolash va karantinda saqlanayotgan fuqarolarni joylashtirish uchun Respublika hududida o‘ndan ortiq kasalxona qurilishi ham ma’lum qilindi.

Koronavirus pandemiyasi sabab O‘zbekistonda 24-martdan boshlab Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatildi.

Bir kishi vafot etgani haqida 27-mart kuni ma’lum qilindi. SSV xabariga ko‘ra, bemor yurak xurujidan vafot etdi. 28-mart kuni esa yana bir bemor mazkur kasallikdan vafot etdi. Mamlakatda qayd etilgan ilk rasmiy bemor bilan muloqotda bo‘lgan marhum o‘zi tibbiyot xodimi bo‘lgani va kasalini yashirib uyida davolanishga harakat qilgani, ahvoli og‘irlashgandan keyingina Virusologiya ilmiy tekshirish institutiga murojaat etgani ma’lum qilindi.

27-mart kuni koronavirus kasalligi bilan chalingan bemorlar va karantindagilarni saqlash uchun qurilishi va’da qilingan shifoxonalarning ilk partiyasi ishga tushirildi. Shu kuni 650 nafar chet eldan olib kelinganlar mazkur muassasalarga joylashtirildi.

Foto: Google Photos

Hamma kutgan yaxshi yangilik 29-mart kuni e’lon qilindi. Shu kuni kasallikka chalingan bemorlardan yetti nafari tuzalib, virusologiya markazidan chiqarildi.

Mamlakatda 30-martdan boshlab maxsus ruxsatnomasiz shaxsiy transport vositasidan foydalanish taqiqlab qo‘yildi. 2020-yil 30-mart kuni soat 06:00 dan 20-aprel soat 00:01 ga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Bu narsa esa fuqarolarda yana sarosimali vaziyatni keltirib chiqardi. Kimlardir davlat xizmatlari markazlariga shoshgan bo‘lsa, boshqalar uydan chiqa olmasligi sababidan bozorlik qilish maqsadida bozorga shoshildi. Natijada, kasallikning oldini olish uchun odamlar yig‘ilmasligi aytilganiga qaramay, bozorlar va davlat xizmatlari markazlarida uzundan uzoq navbatlar paydo bo‘ldi. 15-martdan buyon ilk mana shunday gavjum holat kuzatildi.

O‘zbekistonda COVID-19 kasalligini yuqtirgan fuqarolar soni 30-mart holatiga ko‘ra 150 tani tashkil qildi. Ikki nafar bemor vafot etgan bo‘lsa, yetti kishi tuzalib ketdi.

Bugungi kunda hammani qiziqtirayotgan savol, kasallik qachon bartaraf etiladi? Dunyoning bir qator davlatlarida koronavirus kasalligiga qarshi vaksina yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Shu narsa aniqki, bundan oldingi tojli virus turkumiga kiruvchi SARS kasalligiga qarshi ham vaksina hamon ishlab chiqilgan emas. Bugungi kunda havo haroratining yuqoriligi virus tarqalishining oldini olishi mumkinligi haqida bahslar ketmoqda. Bu fikrga qarshi bo‘lganlar ham bor. Ularning aytishicha, virus har qanday ob-havo sharoitiga moslashish qobiliyatiga ega.

Katta iqtisodiy inqirozni keltirib chiqarayotgan mazkur kasallik o‘ziga xos ijobiy taraflarni ham namoyon etmoqda. Jumladan, mazkur kasallik sabab ko‘plab zavod va fabrikalar ishining to‘xtab qolgani, avtomobillarning harakatlanmay qolgani natijasida, atrof-muhitga tarqalayotgan dioksid azot (NO2) miqdori kamaygani kuzatildi. Dastlab, yanvar va fevral oylarida yuzaga chiqqan bu fenomen 7—8-mart kunlari Italiya shimolida ham kuzatildi.

Shuningdek, mart oyi o‘rtasiga kelib, Yevropaning boshqa ko‘plab hududlarida ham ushbu holat kuzatildi.

Shubhasiz, mazkur kasallik butun dunyoda turizm sohasi vakillari uchun ham katta inqirozlarni keltirib chiqardi. Dunyoning eng yirik turistik davlatlaridan biri bo‘lgan Italiyaning Venetsiya shahri o‘zining suvdagi kemalari ila dunyoga mashhur. Turistlarning kelmay qolgani Venetsiya kanallarida kemalar qatnovining to‘xtatilishiga olib keldi. Bu esa, o‘z navbatida, kanallardagi suvlarning tozalanishiga va suv hayvonot olamining qaytishiga sabab bo‘ldi.

30-mart holatiga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasining tarqalishini nazorat qiluvchi “Covidvisualizer.com” sayti ma’lumotlariga qaraganda, butun dunyo bo‘ylab mazkur kasallikka chalingan bemorlar soni 723 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda. Kasallikdan vafot etganlar soni esa 34 mingni tashkil qilmoqda. 152 mingga yaqin kishi tuzalib ketdi.

Boshqa xabarlar

Koronavirus keltirib chiqargan vahimali holatlar va yoppasiga karantinlarga qaramasdan hayot davom etmoqda. Mart oyida bir qator boshqa voqealar ham sodir bo‘ldi. Ular haqida qisqa satrlarda tanishib chiqsak, foydadan holi bo‘lmaydi.

1-mart kuni hududda koronavirus kasalligi qayd etilmagan Turkiya Suriyaning Idlib viloyatida Suriya harbiylari tomonidan turk askarlarining o‘ldirilishiga javoban “Bahor qalqoni” operatsiyasini boshladi. Maqsad esa Assad rejimining zo‘ravonliklariga barham berish hamda migratsion oqimning oldini olishga qaratilgan edi.

Ushbu voqealar fonida 5-mart kuni Rossiya hamda Turkiya prezidentlari Moskva shahrida uchrashdi va Idlibda o‘q otishni to‘xtatish haqida qaror qabul qildi. Qarorga muvofiq, hududda rus-turk umumiy patruli ish boshlashi, 12 km kenglikda xavfsiz korridor tashkil etilishi belgilab qo‘yildi. Ertasiga Suriya prezidenti kelishuvdan ko‘ngli to‘lganini e’lon qildi.

3-mart kuni Afg‘onistonning Xost viloyatida futbol o‘yini vaqtida terroristik harakat sodir etildi. Natijada uch kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohat oldi. Ushbu harakat uchun javobgarlikni hech kim bo‘yniga olmagan bo‘lsa-da, hukumat bunda “Tolibon”ni aybladi. Bu esa 22-fevrladan buyon amal qilayotgan harbiy amaliyotlarni to‘xtatish haqidagi qarorga yakun yasadi. Shuningdek, 29-fevral kuni AQSh va “Tolibon” o‘rtasida tinchlik bitimi tuzilgan edi.

Foto: Reuters

6-mart kuni Afg‘onistonning Kobul shahrida yana bir terakt amalga oshirildi. Bu safar bir qator yirik siyosiy arboblar ishtirok etayotgan Abdul Ali Mozoriyning xotira marosimi nishonga olindi. Tadbirda 2019-yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodini qo‘ygan va saylov natijalarini tan olmagan Abdulloh Abdulloh, sobiq prezident Hamid Karzay, sobiq bosh vazir Salohiddin Rabboniy bor edi. Ularga hech qanday zarar yetmagan bo‘lsa-da, 29-30 nafarga yaqin odam halok bo‘ldi. Politsiya aybdorlarni ushlagan, ushbu aktga javobgarlikni IShID guruhi o‘z bo‘yniga oldi.

8-mart — Xalqaro xotin qizlar kuni O‘zbekistonda va dunyoning bir qator davlatlarida turli ko‘rinishda nishonlandi. Jumladan, Meksikada fevral oyida ayollarning kamsitilib o‘ldirilishi bilan bog‘liq holatlarga javoban butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Birgina Mexiko shahrida 660 ming ayol ko‘chaga chiqdi.

9-mart kuni esa Meksikada ayollar  #ElNueveNingunaSeMueve (#To‘qqizinchiHechkimQimirlamasin) nomi ostida o‘ziga xos ish tashlashni amalga oshirdi. Unga ko‘ra, shu kuni birorta ayol ko‘chaga chiqmasligi, ishga, bankka, supermarketlarga va boshqa jamoat joylariga bormasligi aytildi. 8—9-mart kunlari Meksikada 21 nafar ayol faqatgina ayol ekani uchun o‘ldirib ketilgani qayd etildi.

9-mart kuni Afg‘onistonda qo‘sh hokimiyat vujudga keldi. Amaldagi prezident Ashraf G‘ani va uning saylovdagi raqibi natijalarni tan olmagan Abdulloh Abdulloh bir vaqtning o‘zida prezidentlikka qasamyod qildi.

23-mart kuni AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Afg‘onistonga tashrif buyurdi va mamlakat yuqori doira vakillari, jumladan, prezident Ashraf G‘ani bilan uchrashdi. Ushbu tashrifdan maqsad 29-fevral kungi AQSh—“Tolibon” tinchlik bitimi doirasida Afg‘oniston hukumati tomonidan hibsga olingan 5 ming nafar “Tolibon” a’zosining ozod qilinishini ta’minlash edi. Bunga javoban esa “Tolibon” ming nafar afg‘on ofitserini ozod qilishi kerak edi.

Ammo afg‘on hukumati qamoqdagi “Tolibon” a’zolarini ommaviy ozod qilishni rad etdi va kuzatuv guruhiga o‘q otishni to‘xtatishni nazorat qilish va asirlarni ozod qilishdan oldin hukumat bilan muzokaralar boshlashni so‘radi. Biroq “Tolibon” ham buni qabul qilmadi.

Ko‘rib turganimizdek, mart oyi ham oldingi oylardagidek juda tarang o‘tdi. Umid qilamizki, keladigan oylarda yaxshi yangiliklar bo‘ladi va dunyo koronavirus muammosidan qutilish yo‘lida ildam qadamlarni tashlaydi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.