Global karantin davrida har bir inson qaysidir ma’noda o‘zini astronavtdek his etishi mumkin. Xuddi kosmosda bo‘lgani kabi hozirda eshik tashqarisida inson hayoti uchun xavfli muhit boshlanmoqda, deb yozadi Tengrinews.

Foto: Facebook / NASA

NASA’ning Xalqaro kosmik stansiyasidagi 20 yillik tajribaga ega astronavt va psixologlari bunday vaziyatda inson o‘zini qanday tutishi kerakligi borasidagi 5 ta maslahat bilan bo‘lishdi.

Muloqot

Bu davrda yaqinlaringiz bilan ochiq va samimiy munosabatda bo‘ling. Tinglashni o‘rganing, atrofingizdagi insonlarning emotsional holatiga e’tiborli bo‘ling.

Tushunmovchiliklarni yechimsiz qoldirmang. Nohaq bo‘lsangiz, aybingizni tan olishni o‘rganing.

Yetakchilik

Hatto eng kichik jamoaga ham ishonch muhitini baxsh eta oladigan yetakchi kerak. Yetakchi jamoaning barcha a’zolariga yangi hayot shartlariga moslashishi va har doim ko‘tarinki ruhda bo‘lishga yordam berishi kerak.

Ma’suliyatni o‘z zimmasiga olib, namuna ko‘rsata oladigan istalgan kishi yetakchi bo‘lishi mumkin.

O‘zi haqida qayg‘urish

Insonning o‘ziga o‘zi g‘amxo‘rlik qilishi bu uning jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lishini nazorat qila olishidir. Bu jumla shuningdek, gigiyena, sifatli uyqu va ko‘tarinki kayfiyatni ham o‘z ichiga oladi.

Ish, rivojlanish, dam olish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi balansni ushlay olish kerak.

Jamoaga g‘amxo‘rlik qilish

Izolyatsiya qilingan guruhning har bir a’zosi atrofdagilarga g‘amxo‘rlik qila olishi kerak. O‘zgalarni hurmat qiling va sabrli bo‘ling.

“Jamiyat”ning har bir a’zosidagi charchoq va jahldorlik alomatlariga ham e’tiborli bo‘lish kerak.

Jamoaviy bajariladigan ishlarda faol bo‘ling. Yoqimsiz topshiriqlarni bajarishda tashabbus ko‘rsating. Yordam taklif qiling va yordam so‘rang. Kuchsiz tomonlaringizni va tuyg‘ularingizni oshkor etishdan tortinmang. Negativ yoki stressni kamaytirish choralarini ko‘ring, aslo ularni atrofdagilarga sezdirmang.

Guruhdagi hayot

Maqsadga erishish uchun olg‘a qadam bosayotgan haqiqiy jamoaga aylaning. Mas’uliyat hududlarini ajratib oling. Hech qanday vaziyatda ruhingizni tushirmang. Qiyinchiliklardan qo‘rqmang. Har doim bir-biringizni maqtang, qo‘llab-quvvatlang.