O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar soni 5 nafarga oshib, 172 kishini tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Avvalroq infeksiya 9 nafar bemorda aniqlanib, ular 167 kishiga yetgani xabar qilingandi. Shuningdek, 31-mart soat 20:20 holatiga ko‘ra, sakkiz nafar bemor sog‘aygani ma’lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 12-mart kuni Umra safaridan Turkiya orqali qaytgan namanganlik ayolning koronavirusga chalingan 72 yoshli onasi 27-mart kuni tongda infarktdan vafot etgani, uning dafn marosimida birorta ham qarindoshi qatnashmagani haqida xabar berilgan edi.

Bundan tashqari, koronavirusning ikkinchi qurboni — Toshkentda vafot etgan 39 yoshli shifokor kasalligini yashirib, o‘zini uyda davolashga uringani, undan qashqadaryolik 14 yoshli jiyaniga yuqqani, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan o‘smirning ahvoli o‘rta og‘irlikda ekani aytilgan edi.