O‘zbekistonda jami 289 nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish) bilan ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi ishlar ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Daryo”ga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Xabar berilishicha, shundan 274 nafar shaxsga nisbatan jami 107 876 250 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan, 15 nafar shaxsga nisbatan ish yuritishdan tugatilgan. 289 nafar shaxsning 14 nafari ayol, 4 nafari 60 yoshdan oshgan shaxs, 2 nafari chet davlat fuqarosi va 2 nafari fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblanadi.

Ushbu kodeksning 54-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha (31-mart holatiga ko‘ra, 1 115 000 so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 22-martdagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 25-mart kuni soat 06:00 dan boshlab jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalarisiz, ya’ni niqobsiz bo‘lgan shaxslar jarimaga tortiladi.

31-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar 167 nafarni tashkil etmoqda.