Qozog‘istonda homilador ayol koronavirusga chalindi, deb xabar bermoqda Tengrinews. Ayol KTK telekanaliga bergan intervyusida o‘zining ahvoli va kasallik qanday kechayotgani haqida gapirib bergan.

Foto: Pexels

Qayd etilishicha, koronavirus borligi aniqlangan 25 yoshli Togjan Aytpayning homilasi 4 oylik. U kasallik haqida 28-mart, shanba kuni, bilgan. Kasallik belgilaridan faqat quruq yo‘tal va tomoqda muammolar kuzatilgan.

“Menda faqat tomog‘im ishib, yo‘tal bor edi, xolos. Tana haroratim uzog‘i bilan 36,6 bo‘lardi. Avvaliga dahshatga tushdim. O‘zingizdan emas, bolangizdan xavotir olarkansiz. Bola to‘liq shakllanib bo‘lganini va unga menga berilayotgan dorilar ta’sir qilmasligini aytishdi”, — deydi ayol.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini yaxshi his qilyapti. Bo‘lajak ona dori-darmonlardan virusga qarshi preparatlar va immunitetni mustahkamlaydigan vitaminlar qabul qilmoqda.

“Shifokorlar berayotgan dorilar haqida so‘radim. Ular homila uchun zararsiz ekanligini aytishdi. Virusga qarshi preparatlar ekan. Kunda 2 mahal — ertalab va kechasi qabul qilaman, yana askorbin kislotasini ham”, — deya qo‘shimcha qilgan Togjan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 325 kishiga yetdi. Mamlakatda 21 kishi virusdan davolanishga muvaffaq bo‘lgan.