Qozog‘istonda koronavirus bilan kasallangan yana 17 kishi aniqlandi, deb xabar beradi Tengrinews.

Foto: Kstnews.kz

Yangi bemorlarning ikki nafari Nur-Sultonda, to‘qqiz nafari — Olmaotada. Shuningdek, Qizilo‘rda viloyatida — uch nafar, Atirau, Oqto‘be, Shimoliy-Qozog‘iston viloyatlarida — bir nafardan.

Bugungi kunga kelib, Qozog‘istonda COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni 325 kishiga yetdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 21 kishi virusdan davolanishga muvaffaq bo‘lgan.

Avvalroq Olmaotada koronavirus yuqtirib olgan ikki ayolning biri O‘zbekistondagi to‘yda bo‘lib qaytgani haqida xabar berilgandi. 1960-yilda tug‘ilgan ayol qarindoshlari bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida bo‘lib o‘tgan to‘yda ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, 26-mart kuni Qozog‘istonda koronavirus oqibatida 64 yoshli ayol vafot etgan edi. Nur-Sultonda karantin vaqtida cheklovlar kuchaytirilgan, shaharga kirib-chiqish to‘liq yopilib, blokpostlar o‘rnatilgan.