“Rospotrebnadzor” Markaziy epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari COVID-19 koronavirus infeksiyasini aniqlovchi yangi reagentlar jamlanmasini yaratdi.

Foto: “Rospotrebnadzor”

“AmpliSens Cov-Bat-FL” jamlanmasi klinik sinovlardan o‘tgan bo‘lib, 25-mart kuni Rossiyada foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

“Rospotrebnadzor”ning ma’lum qilishicha, mazkur test COVID-19’ni keltirib chiqaradigan SARS-CoV-2 koronavirusini aniqlashga, shuningdek, uni atipik pnevmoniya va Yaqin Sharq respiratorli sindromini keltirib chiqaradigan boshqa viruslardan ajratishga yordam beradi.

Ta’kidlanishicha, test juda sezgir bo‘lib, insondagi boshqa epidemik koronavirus namunalari bilan yolg‘on-ijobiy reaksiya bermaydi.

Avvalroq Rossiyada koronavirusni aniqlash bo‘yicha 2 ta yangi test tizimi yaratilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham koronavirusni aniqlash bo‘yicha test tizimi ishlab chiqilgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklariga 300 mingta ekspress-test va 500 ta sun’iy nafas oldirish apparati xarid qilish, xavf yuqori bo‘lgan aholi punktlarida ko‘chma laboratoriyalar tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.