Yevropa mamlakatlari Xitoyda ishlab chiqarilgan bir necha yuz mingta himoya niqobi va koronavirusni aniqlovchi testlarni sifatsizligi sababli qaytarib yubormoqda. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: NOS

Ma’lum qilinishicha, Niderlandiya filtrlarida nuqsoni bo‘lgan 600 mingta FFP2 respiratorini qaytarib yuborgan. Shuningdek, yana 700 mingta niqob tibbiy muassasalarga tarqatilmasligi ma’lum bo‘lgan.

Niderlandiya kasalxonalarida niqob yetishmasligi kuzatilmoqda, shuning uchun ular ishlatilgan niqoblarni sterilizatsiya qilib qayta ishlatishga majbur bo‘lmoqda.

Niderlandiya sog‘liqni saqlash vazirining so‘zlariga ko‘ra, sifatsiz niqoblar bilan bog‘liq muammoga barcha davlatlar duch kelgan.

Qayd etilishicha, Belgiya Xitoydan yetkazib beriladigan uch mingta himoya niqobini olishdan bosh tortgan.

Ispaniya koronavirusni aniqlovchi to‘qqiz mingta test to‘plamini olmagan. Ularning aniqlik darajasi 30 foizni tashkil qilgan. Unga qadar Ispaniya test, niqob, qo‘lqop va boshqa shaxsiy himoya vositalari uchun 432 million yevro sarflashini ma’lum qilgan.

Xitoyning Madriddagi elchixonasi tomonidan ma’lum qilinishicha, testlar Shenzhen Bioeasy Biotechnology kompaniyasi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, mazkur kompaniya tibbiy jihozlar ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoyning davlat litsenziyasiga ega emas.

Ta’kidlanishicha, Xitoyda ishlab chiqarilgan testlar aniqlik standartlariga mos kelmasligi sababli Turkiya ham bosh tortgan.

Eslatib o‘tamiz, 28-mart kuni Xitoyning mudofaa sanoati kompaniyalari tomonidan bir martalik steril tibbiy qo‘lqoplar, himoya ko‘zoynaklari, yuz uchun filtrlovchi niqoblar, tana haroratini o‘lchovchi termometrlar O‘zbekistonga insonparvarlik yordami sifatida yetkazib berildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Xitoydan 200 mingta test-sistemasi sotib oldi.