O‘zbekistonda koronavirus sababli joriy qilingan karantin muddatining qachon tugashi noma’lum. Bu haqda Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Uning so‘zlariga ko‘ra, karantin kasallikning yashirin davri uchun belgilangan muddat hisoblanadi. Shuning uchun karantin davrini tugatish masalasi eng oxirgi aniqlangan bemor ham shifoxonaga yotqizilganidan 14 kun o‘tgach, boshqa hech kimda kasallik aniqlanmaganiga to‘liq ishonch hosil qilingandan so‘ng ko‘rib chiqiladi.

Bosh davlat sanitariya inspektorining qayd etishicha, karantin davrini tugatish Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlangan ilk bemor aniqlangach, 16-martdan barcha ta’lim muassasalari yopildi. O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan xalqaro transport aloqalari to‘xtatildi.

Shuningdek, Navro‘z sayllari va ommaviy tadbirlar bekor qilindi, umumiy ovqatlanish shoxobchalari yopildi. Mamlakatda himoya niqobida yurish majburiy etib belgilandi. Toshkent shahri va bir qator shaharlarga transportning kirish-chiqishi cheklandi, viloyatlararo transport harakati to‘xtatildi. Bundan tashqari, shaxsiy avtomobilda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanish taqiqlandi, fuqarolarga zaruratsiz uydan chiqmaslik tavsiya etildi, ko‘chada 3 kishidan ortiq odamning to‘planishi taqiqlandi.

Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 173 kishiga yetdi. Jami 12 kishi kasallikdan tuzaldi, 2 kishi vafot etdi.