Rossiya parlamentining quyi palatasi deputatlari 2016-yildan boshlab ishlab chiqarilgan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishni to‘liq bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Amaldagi qonunlarga ko‘ra, ushbu jarayondan “uch yoshdan kichik” bo‘lgan avtomobillar ozod etilayotgan edi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Motor

Ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshgan avtomobillar uchun har yili texnik ko‘rikdan o‘tish majburiyati saqlanib qolgan. Ishlab chiqarilganiga 4—10 yil bo‘lgan transport vositalari esa har ikki yilda ushbu ko‘rikdan o‘tishi kerak, “to‘rt yoshdan oshmagan” yangi avtomobillar esa bundan to‘liq ozod etiladi.

Shu kungacha texnik ko‘rik ishlab chiqarilganida 3 yil to‘lmagan mashinalar uchun majburiy emas edi, 3—7 yil oralig‘idagi mashinalar esa har ikki yilda bir marotaba ko‘rikdan o‘tardi.

Yangi qonun yengil avtomobillar, tijoriy transport vositalari hamda og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalari, shuningdek, mototsikllarga tegishli. Taksi va 3,5 tonnadan og‘ir bo‘lgan yuk mashinalari uchun eski qoidalar amaldaligicha qoladi.

Mazkur qonun loyihasi Rossiya Davlat dumasi tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Federatsiya kengashi ham tuzatishlarni tasdiqlagan, yangi tartib-qoidalar 2021-yilning 1-mart sanasidan kuchga kiradi.