Taxminan 80 ga yaqin mamlakat Xalqaro valyuta jamg‘armasidan (XVJ) koronavirus pandemiyasi sabab moliyaviy yordam so‘ragan. Bu haqda jamg‘arma rahbari Kristalina Georgiyeva press-brifingda ma’lum qilgan, deb yozmoqda tashkilotning rasmiy sayti.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva.

Foto: “RIA Novosti”

XVJ rahbarining so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma Qirg‘izistonning bu boradagi so‘roviga rozilik bergan. Georgiyevaning aytishicha, fond shu kungacha bir vaqtning o‘zida buncha ko‘p so‘rovlarni ko‘rib chiqmagan. U qaysi davlatlar moliyaviy yordam so‘raganiga aniqlik kiritmadi.

The New York Times nashrining XVJ vakillariga tayanib xabar berishicha, asosan rivojlanayotgan davlatlar moliyaviy yordam so‘ram murojaat qilgan. Umumiy miqdorda 20 milliard dollar nol qiymati yoki quyi stavkalar bo‘yicha kredit uchun so‘rovlar berilgan. XVJdagilar so‘rovlarning tez orada ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Avval Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat ikkita shartni bajarsa, XVJdan 2 milliard dollarni transh bilan qabul qilib olishini aytgandi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun milliylashtirilgan banklarning aksionerlarga qaytarilmasligi to‘g‘risida qonun imzolash va u orqali qishloq xo‘jaligi yerlari sotuvi bo‘yicha moratoriyni bekor qilish ham zarur. Agar ushbu qonunlar kuchga kirmasa, Ukrainada defolt boshlanadi, degan Zelenskiy. Radaning yuqori palatasi 31-mart kuni qishloq xo‘jaligi yerlarini sotishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilgan.

JSST axboroti bo‘yicha 1-aprel holatiga ko‘ra, butun dunyoda koronavirus yuqtirib olganlar soni 836 ming nafarga yetgan, 40 mingdan ziyod kishi vafot etgan. XVJ koronavirus pandemiyasining jahon iqtisodiyotiga ta’siri ancha jiddiy bo‘lishi, lekin bunga qarshi choralar ko‘rish imkoniyati mavjud ekanini qayd etgan, xususan, fuqarolar bandligini ta’minlash eng to‘g‘ri yechimlardan biri bo‘lishini bayon qilgan.