“Makarov yo‘ltanlamaslari” kompaniyasi koronavirus pandemiyasini “Burlak” yo‘ltanlamasi ichida izolyatsiyada o‘tkazishni taklif qilmoqda. Mutaxassislar sivilizatsiyadan uzoqda birgina mashina bilan necha kun yashash mumkinligini hisoblab ko‘rdi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Motor

Ta’kidlanishicha, o‘rmonda izolyatsiyalanish uchun ekspeditsiyaga mo‘ljallangan tirkamali “Burlak” yo‘ltanlamasi to‘g‘ri keladi. Ko‘chma suv zaxirasi mavjud bo‘lsa, mashinada bir kishi kamida olti oy yashay oladi: yoqilg‘i zaxirasi shuncha vaqtga yetadi. Yo‘ltanlamasga bir kishi uchun uch yilga yetadigan oziq-ovqat zaxirasini yuklasa bo‘ladi.

Kompaniya quyidagi hisob-kitoblarni amalga oshirdi: “Burlak” ikki tonnagacha yuk tashishga qodir, inson esa kuniga 1-1,5 kilogramm ovqat yeydi. Shunday ekan, bir tonnaning o‘zi ham 1000 kunga yoki 83 oyga yetadi. Mashinaga o‘rnatilgan gaz plitasida ovqat pishirsa ham bo‘ladi. Birgina 27 litrli ballondan bir yarim oygacha foydalanish mumkin, zaxira ballonlari esa tirkamaga yuklanadi. U yerda yoqilg‘i solingan idishlarni ham saqlasa bo‘ladi.

Foto: Motor

Salondagi havo haroratini mo‘tadil ushlab turish uchun issiq kunlari o‘rmonda uni qizdirish kerak bo‘lmaydi. Sovuq kunlar uchun esa “Burlak” avtonom havo isitgich bilan jihozlangan. Akkumulyatorni quvvatlantirish uchun ba’zida dvigatel o‘t oldirilib turilsa kifoya. Yoqilg‘i baki to‘la bo‘lsa, 90 kunga yetadi.

Sovuq havo vaqtida “Burlak”da mustaqil izolyatsiyalanish 2,5-3 oy davom etishi mumkin — barcha ta’minot tizimlari avtonom ishlab tursa, yoqilg‘i shuncha vaqtga yetadi. Qo‘shimcha yoqilg‘i bilan esa izolyatsiyani to‘rt oygacha cho‘zish mumkin. Bunda ham oziq-ovqat hisobi yuqoridagidek qoladi, suv esa qorni eritish yo‘li bilan olinadi. Buning uchun mashinada 20 litrga mo‘ljallangan qor eritgich va avtomatik suv uzatish tizimi mavjud.

Foto: Motor

“Burlak” kabinasida oshxona, bir nechta yotoqxona mavjud, buyurtmaga ko‘ra uni biohojatxona, dush va hatto sauna bilan ham jihozlash mumkin. Shuningdek, televizor va gadjetlar uchun USB-razyomlar ham mavjud.