Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti Ravshan Yo‘ldoshev vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolariga ta’ziya bildirdi.

Foto: IIV Tergov departamenti

“Ravshan Yo‘ldoshev 1961-yilning 2-aprelida Xorazm viloyatida tavallud topgan. U yoshligidan mehnatsevarligi va bilimga chanqoqligi bilan boshqa tengdoshlaridan ajralib turgan. U bolaligidan ichki ishlar tizimida ishlashni orzu qilgan. Shu sabab 1985-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagach, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Tergov boshqarmasi tergovchisi sifatida ishlay boshlagan. 1997-yilda ushbu boshqarmaning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangan. U 2002-yilda shaxsiy iltimosiga ko‘ra ichki ishlar idoralaridan qurolli kuchlar zaxirasiga bo‘shatilgan. Faoliyati davomida 12 marta rag‘batlantirish olgan. U 30-mart kuni yurak xurujidan vafot etdi. Marhumning shogirdlari bugungi kunda davlat boshqaruvining turli sohalarida rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda.

Yaratgandan marhumning oxirati obod bo‘lishini va yaqinlariga sabr ato etishini tilaymiz”, — deyiladi Tergov departamenti tomonidan tayyorlangan videorolikda.

Eslatib o‘tamiz, Shahzodaning sobiq turmush o‘rtog‘i, xonanda Lolaning otasi, “Tarona Rekords” kompaniyasi asoschisi Ravshan Yo‘ldoshev 30-mart kuni yurak xurujidan vafot etdi. Marhum hayotining so‘nggi daqiqalarida uning yonida sobiq rafiqasi, xonanda Shahzoda bo‘lgan.