Toshkentda 1-aprel kuni Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolangan koronavirusga chalingan to‘rt nafar bemor butunlay sog‘ayib, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan edi. “O‘zbekiston 24” telekanali ularning ayrimlaridan qisqa intervyu oldi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

“Biz haqimizda qayg‘urgan davlatimiz rahbariga katta rahmat. Birinchi galda hammamizga uzoq umr tilayman. Bevaqt o‘limlardan, bedavo dardlardan hammamizni Xudoning o‘zi saqlasin”, — dedi koronavirusdan sog‘aygan bemorlardan biri “O‘zbekiston 24”ga bergan intervyusida.

“Hammasi joyida, klinikada yaxshi qarashdi. O‘z vaqtida muolajalar qilib, oyoqqa turg‘azishdi. Shifokorlarga, ichkarida qolib mana shu kasallikka qarshi kurashayotgan hammaga katta rahmat. Minnatdorman”, — deya qo‘shimcha qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirusdan sog‘aygan to‘rt kishining biri BAAning Dubay shahridan, yana biri Turkiyadan kelgan, qolgan ikki nafari esa koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lgan fuqarolardir. Shunday qilib, O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘aygan bemorlar soni 12 nafarga yetdi.

Ma’lumot uchun, 2-aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni jami 190 nafarga yetgan, ularning ikki nafari vafot etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin vaqt ichida yana 10 ga yaqin bemorning to‘liq sog‘ayishi kutilmoqda.