O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslar soni 187 nafarga yetdi. Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, kasallanganlar soni so‘nggi axborot berilganidan so‘ng yana olti kishiga ko‘paygan.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov “O‘zbekiston 24” telekanali orqali chiqishida Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 90 bemorning 23 nafarida pnevmoniya (o‘pka yallig‘lanishi) holati kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Hukumat vakilining qo‘shimcha qilishicha, besh nafar bemorning ahvoli og‘ir, ulardan ikki nafarining ahvoli esa nisbatan og‘irroq deb baholanmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning 12 nafari sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgani, yana 10 nafar bemor yaqin vaqt ichida sog‘ayishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Mamlakatda ilk koronavirus holati aniqlanganidan buyon hozirga qadar ikki kishi uning qurboniga aylandi.