O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Kun.uz”da e’lon qilingan (maqola o‘chirib tashlangan), O‘zbekistonda yaratilgan preparat koronavirusni to‘xtatishi mumkinligi haqida aytilgan maqolaga munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, Rahima Ochilova tomonidan ixtiro qilingani aytilgan “Quvatin” va “Noglyukin” biofaol qo‘shimchalari texnologiyasi aslida O‘simlik moddalari kimyosi institutida ishlab chiqilgan va hech qachon ularning virusga qarshi ta’siri tekshirilmagan.

“2020-yil 1-aprel kuni ‘Kun.uz’ saytida ‘O‘zbekistonda yaratilgan preparat koronavirusni to‘xtatishi ehtimoli mavjud – Fanlar akademiyasi tadqiqotchisi’ sarlavhali maqola nashr etildi.

Maqola muallifi Naima Aliqulova hozirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida mustaqil-izlanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning asosiy ish joyi Islom akademiyasi akademik litseyi hisoblanadi. Rahima Ochilova Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi institutida 2004—2006-yillarda laborant bo‘lib ishlagan.

Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti ma’lumotiga ko‘ra, maqolada keltirilgan ‘Quvatin’ va ‘Noglyukin’ biofaol moddalarining ipak qurti pillasidan ajratib olish texnologiyasi institut xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu biofaol qo‘shimchalar sport tibbiyoti uchun mo‘ljallangan va hech qachon ularning virusga qarshi ta’siri tekshirilmagan.

Shuningdek, ‘Siritsin’ preparati diabet kasalligi uchun biofaol qo‘shimcha sifatida ishlatilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, har bir yaratilgan dori vositasi belgilangan reglamentlar asosida sinovdan o‘tkaziladi va u bilan bog‘liq jarayonlar ‘Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida’gi Qonunga muvofiq amalga oshiriladi”, — deyiladi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi munosabatida.

Tuzatish: Xabarning birinchi tahririda “Kun.uz”da e’lon qilingan maqola muallifi Naima Aliqulova “dorishunos olima” deb xato ko‘rsatilgan, aslida esa Naima Aliqulova yozgan maqola qahramoni — Rahima Ochilova dorishunos hisoblanadi. Ushbu xatolik uchun Naima Aliqulovadan va mushtariylardan uzr so‘raymiz.