O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-aprel, juma kuni, koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bergan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda Prezident korxonalarning izchil ishlashiga ko‘maklashish, barcha imkoniyat va zaxiralarni to‘liq safarbar etish zarurligini ta’kidladi.

“Bitta korxona faoliyatini to‘xtatishiga ham ‘favqulodda holat’ deb qaralishi kerak. Chunki bu korxonalar qanchadan-qancha ish o‘rinlari va oilalar daromadini ta’minlamoqda. Yil boshida barcha hokimlar tadbirkorlikni rivojlantirishi bo‘yicha murojaat qabul qilib, katta marralarni belgilab olgan edik. Hozir sinov davri. Qaysi hokim hisob-kitobini joy-joyiga qo‘yib, ichki rezerv, yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansa, bu marralarga, albatta, erishadi. Tadbirkorlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, mushkulini oson qilish va barcha zarur sharoitlarni yaratib berish hozirgi paytda har doimgidan ham muhim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yalpi ichki mahsulotning asosiy qismi va aholi bandligini ta’minlaydigan 2 mingdan ortiq yirik korxona faoliyati umuman to‘xtamasligi kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun ularning har biriga Prezident maslahatchilari, bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlik, idora va banklar rahbarlari mas’ul etib biriktirildi. Ushbu korxonalarda karantin tartib-qoidalariga qat’iyan amal qilgan holda, Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga rioya etgan holda ish tashkil etiladi. Biriktirilgan rahbarlar korxonalarga infratuzilma va xomashyo ta’minoti, mahsulot va ishchilarni tashish, soliq, kredit, bojxona masalalarida amaliy yordam berib boradi.

Tuman va shahar sektor rahbarlari o‘z hududidagi korxonalarni otaliqqa olib, ular bilan muntazam ravishda birma-bir ishlaydi. Tuman Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limida shtab tashkil etilib, har bir tadbirkorning muammosi hal etib boriladi.

“Hamma shuni yaxshi bilishi kerak: birorta ham tadbirkorni o‘z holiga tashlab qo‘ymaymiz”, — dedi davlat rahbari.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Aytib o‘tilganidek, pandemiya oqibatlari og‘ir ta’sir qiladigan ushbu korxonalar bilan alohida ishlash zarur. Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan korxonalar rahbarlari imtiyoz olish uchun bank va soliq idoralarida sarson bo‘lib yurmasligi kerak.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishiga qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m ajratildi. Bu mablag‘lar, eng avvalo, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Xususan, 152 ta loyihaning muammolari hal qilinsa, 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.

Videoselektor yig‘ilishida eksport masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Yuklarni temiryo‘l orqali konteynerda tashish, stansiyalarda refrijerator seksiyalarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga meva-sabzavotlar, to‘qimachilik va elektrotexnika mahsulotlari, qurilish materiallari eksporti bo‘yicha har bir korxona muammosini tezkor hal qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Aholini zarur iste’mol tovarlari, oziq-ovqat, dori va gigiyena mahsulotlari bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistondagi 358 ta dehqon bozori va ulardagi “Elga xizmat” korxonasini jalb etib, mahallalarda soddalashtirilgan ko‘chma savdoni yo‘lga qo‘yish choralari belgilandi.

Qolaversa, aholi ixtiyorida 4,5 millionta tomorqa xo‘jaligi bor. Shu kunlarda ulardan ham mahsulot olina boshlaydi. Shu bois tomorqadan mahsulotlarni sotib oluvchilarga karantinga amal qilgan holda erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga shunday tartibni viloyat markazlarida ham tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasiga tijorat banklari bilan birgalikda bu yil hunarmandchilik loyihalari uchun ajratilgan 50 million dollar kredit mablag‘larining egalariga to‘liq yetib borishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda davlat budjeti tushumlar prognozining bajarilishiga oid masalalar ham atroflicha muhokama qilindi. 2020-yilning birinchi choragida budjetga 24 trillion so‘m soliq va 4,8 trillion so‘m bojxona tushumlari yig‘ilib, barcha hududlarda daromadlar prognozi to‘liq bajarilgan.

Masalan, ikkinchi chorakda tabiiy gaz sotish hajmi kamayishi, misning jahon bozoridagi narxi pasayishi kabi omillar hisobiga budjetga soliq tushumi birinchi chorakka nisbatan 1,4 trillion so‘mga kamayishi hisob-qitob qilinmoqda. Bunday holat bojxona tushumlarida ham kuzatiladi.

Bu vaziyat moliya, soliq, bojxona va boshqa iqtisodiy kompleks idoralaridan yuqori darajada safarbarlikni talab etadi. Shu bois mutasaddi rahbarlar korxona va tadbirkorlarning muntazam ishlashiga ko‘maklashib, tushumlarni ko‘paytirish choralarini ko‘rishi muhimligi ta’kidlandi.

Videoselektor orqali har bir mutasaddi vazirlik, idora, tashkilot rahbarlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar hokimlarining kun tartibida belgilangan masalalar yuzasidan hisobotlari eshitildi, deyiladi xabarda.