Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov “O‘zbekiston 24” telekanali orqali qilgan chiqishida aholini ehtiyot bo‘lishga va o‘z yaqinlarini koronavirus xavfidan ogoh etishga chaqirdi.

Nurmat Otabekov.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

O‘zbekistonda kasallik dastlab 15-mart kuni qayd etilgan bo‘lsa, mana 17 kun o‘tibdiki, kasallanganlar soni 221 nafarni tashkil etdi. Vaziyat jiddiy ekanligi har birimizni sergak torttirishi kerak. Tavakkal qilishga, salomatligimiz bilan o‘ynashishga haqimiz yo‘q. Boshqalarni xavfga qo‘yish, boshqalarga kasallik yuqish ehtimolini yuzaga keltirish va respublikada vaziyat chigallashib ketishiga olib kelishga hech kimning haqi yo‘q. Buni har kim yodida tutishi kerak.

Iltimos, bu fikrlarni oila a’zolaringizga, yaqinlaringizga imkon qadar ko‘proq yetkazing. Vaziyat murakkablashib ketganida bu ishlarni qilishga ancha kech bo‘ladi. Adabiyotlardan va olimlarning kuzatuvlaridan ma’lum bo‘lyaptiki, bir kishidan 400 dan ortiq odamga kasallik yuqishi mumkin. Shunday ekan, tasavvur qiling, mana shu 221 nafar bemor vaqtida izolyatsiyaga olinmaganida edi, odamlarning orasida qolganida edi, qanday vaziyat yuzaga kelishi mumkin edi. Ehtiyot bo‘ling. Ongli ravishda yo‘l tuting.

Nurmat Otabekov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i

Ma’lumot uchun, 3-aprel Toshkent vaqti bilan soat 09:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan jami bemorlar soni 221 nafarga yetdi — ulardan 25 nafari sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazilgan, ikki nafari esa vafot etgan.