O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallangan bemorlarning epidemiologik marshruti bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Skrinshot: “Coronavirus.uz”

Xabar berilishicha, koronavirusga chalinganlar ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasida davolanishni boshlashidan avval qaysi joylarda bo‘lgani haqida ma’lumot berishi uchun vazirlikning koronavirus bo‘yicha rasmiy sayti — “coronavirus.uz”da yangi funksiya yaratildi.

Saytda kasallik qaysi hududlarda tasdiqlanganini ifoda etuvchi xarita bilan tanishish mumkin. Shuningdek, ushbu xarita ostida “Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemorlarning epidemiologik marshruti” tugmasi mavjud. Bu funksiya yordamida bemorlarning shifoxonaga kelishidan avval qayerda bo‘lganligini ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Skrinshot: “Coronavirus.uz”

Vazirlikning qayd etishicha, ushbu ma’lumotlarni olgach, ehtiyotkorlik yuzasidan bu hududlarga bormaslikka harakat qilish kerak.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusni davolashda foydalanilayotgan preparat nomi ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga chalingan jami bemorlar soni 221 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 25 nafari sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazilgan, ikki nafari esa vafot etgan.