19:36, 03.04.2020 // 140463

O‘zbekistonda koronavirusni davolashda foydalanilayotgan preparat nomi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolashda xloroxin preparatidan foydalanilmoqda va bu o‘z samarasini bermoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov 3-aprel, juma kuni, bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Nurmat Otabekov nima uchun O‘zbekistonda koronavirusni davolashda Kubada tayyorlangan Interferon alfa-2b preparatidan foydalanilmayotgani haqidagi savolga javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Interferon alfa-2b preparatining koronavirusga qarshi samara berishi isbotlanmagan va buni dunyoning ko‘pgina mutaxassislari ham tasdiqlagan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda xloroxin preparati katta samara bilan ishlatilmoqda. Bu preparat virusli kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. Shu nuqtayi nazardan, hozir O‘zbekiston tibbiyoti erishayotgan yutuqlar va 25 nafar bemorning tuzalayotgani foydalanilayotgan preparat samarali ekanini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga chalingan jami bemorlar soni 221 nafarga yetdi — ularning 25 nafari sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazilgan, ikki nafari esa vafot etgan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv