Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-aprel, juma kuni, koronavirus tarqalishi va uning oqibatlariga qarshi kurash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Yig‘ilishda qiyin vaziyatda iqtisodiyotni, tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlash uchun muhim farmonga imzo chekilgani ma’lum qilindi. Hujjatga muvofiq, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yordam berish ko‘lami yanada kengaytiriladi.

Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha bo‘lganda uning 8 foizini jamg‘arma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha bo‘lganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi.

Buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion so‘mlik kreditlari foizini qoplashga jamg‘armadan qo‘shimcha 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Jamg‘arma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi bo‘yicha cheklov ham endi bekor qilinadi.

“Intizomli va ishonchli tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga jamg‘arma kafillik beradi (bugungi kunda 50 foiz). Kafillik summasining yuqori chegarasi ham 8 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshiriladi”, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va aholining 12 trillion so‘mlik kredit majburiyati muddati uzaytiriladi.