Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-aprel, juma kuni, koronavirus tarqalishi va uning oqibatlariga qarshi kurash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Yig‘ilishda Prezident qiyin vaziyatda iqtisodiyotni, tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlash uchun muhim farmonga imzo chekkanini ma’lum qildi.

Farmonga ko‘ra, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar 2020-yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etildi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushirildi.

“Ushbu imtiyozdan sohada xizmat ko‘rsatayotgan mingdan ortiq subyektlar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.