Shahzoda Matchonova Instagram’dagi sahifasi orqali muntazam ravishda folloverlariga o‘qigan kitoblari haqida ma’lumot berib keladi. Quyida aktrisa o‘qishni tavsiya etadigan kitoblar haqida ma’lumotlar keltiriladi.

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova

“Kulayotgan odam”, Viktor Gyugo. 

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova

Shahzoda Matchonovaning fikricha, bu ikki sababga ko‘ra, albatta, o‘qilishi shart bo‘lgan kitob. “Birinchidan, bu klassika. Klassik asarlarni hamma bilishi shart. Ikkinchidan, muallif 19-asrni juda yaxshi tavsiflaydi, ko‘plab tarixiy faktlarni keltiradi”, — deb yozadi aktrisa.

“Kichkina shahzoda”, Antuan de Sent-Ekzyuperi.

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova

“‘Kichkina shahzoda’ — qalbingizga kirib olib, u yerda bir umr qoladigan juda kam sonli ertaklardan biri. Koinot, qachonlardir Antuan de Sent-Ekzyuperini bizga hadya etganing uchun rahmat. U bor-yo‘g‘i 44 yil umr ko‘rgan, biroq u mening olamimni bir umrga yulduzlarga to‘ldirgan”, — deydi aktrisa va hammaga bu kitobni o‘qishni tavsiya etadi.

“Boy va kambag‘al”, Irvin Shou 

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova

“Anchadan beri kitobni o‘qib bo‘lganimdan so‘ng yig‘lamagan edim. Bu kitob meni shunday qilishga undadi. Bir oila misolida butun Amerika jamoatchiligi ko‘rsatib berilgan. Ikki aka va bir singilning taqdiri haqidagi ajoyib kitob”, — deb yozadi Shahzoda Matchonova ushbu kitob haqida.

 “Yulduzli tunlar” (“Bobur”), Pirimqul Qodirov. 

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova

“Men o‘qigan asarlar orasida, shubhasiz, eng yaxshilaridan biri. Qodirov tasvirlagan Bobur obrazini sevib qoldim. O‘ylashimcha, Bobur shaxsiyatidan nafaqat erkaklar, balki butun insoniyat o‘rnak olishi kerak”, — deya ta’riflaydi bu asarni aktrisa.

“Uch finjon choy”, Greg Mortenson va Devid Oliver Relin 

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova

“Pokistonda adashib qolgan amerikalik erkak haqida hikoya qiluvchi kitob. U Pokistonning chekka hududlarida maktab quradi. O‘z taqdiridan ham pokistonlik bolalarning bilim olishini ustun qo‘ygan inson qissasi”, — deb yozadi aktrisa.

 “Insonni izlayapman”, Sergey Dovlatov. 

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova

Aktrisa yumor hissiga boy kitoblarni yoqtiruvchilarga ushbu muallifni tavsiya etadi. “Bu kitob o‘qilish tili yengil bo‘lgan hikoyalardan iborat”, — deb yozadi Shahzoda.

“Iblis devori”, Tohir Malik

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova 

“Ming afsuslar bo‘lsin-ki, hayotim davomida o‘zbek adabiyotining klassiki bo‘lib ulgurgan O‘zbekiston xalq yozuvchisining asarini yaqin kunlarda birinchi bor o‘qib chiqdim.

‘Iblis devori’ asaridan tashqari boshqa qiziqarli va achinarli qissalarini ham o‘qidim. Bular menga sevimli yozuvchim Sholoxovning qissalarini eslatdilar. Ular ham samimiy va ko‘ngilga yaqin ekanlar”, — deydi Shahzoda Matchonova.

“Inson taqdiri”, Mixail Sholoxov.

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova 

“Men o‘qigan eng yaxshi asarlardan biri. Kitob sizni to‘g‘ri yashashga o‘rgatadi. Uni o‘qiganingizdan so‘ng vijdoningizga qarab ish tuta boshlaysiz”, — deb yozadi aktrisa.

 “Butun hayot oldinda”, Emil Ajar.

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova

Parijdagi eng kambag‘al tumanlardan birida yashovchi odamlar haqidagi kitob. Turli millat va diniy e’tiqodga mansub insonlar qiyinchilik va nochorliklariga qaramay, samimiylik, mehr-muruvvat hamda fidoyilikni namoyon etadi.

“Sa’va”, Donna Tartt.

Foto: Instagram/@shahzodamatchanova 

Muzeydagi portlashdan so‘ng onasini yo‘qotgan bola haqida hikoya qilinadi. Bola sarosima ta’sirida muzeydan Karl Fabrisiusning mashhur “Sa’va” kartinasini o‘g‘irlab ketadi. Ajoyib kitob, uni maza qilib o‘qib chiqdim”, — deydi Shahzoda ushbu kitob haqida.